16:59 / 19.05.2016
4949

Hindistonda 50,5 darajali jazirama tufayli favqulodda holat e'lon qilindi

Hindiston shimolida kunduzgi ob-havo harorati Tselsiy shkalasi bo‘yicha 50,5 gradusga yetdi. Beshta shtatda favqulodda holat e'lon qilingan. Bu haqda mamlakat meteorologiya departamenti ma'lumotiga tayanib TASS xabar qildi. 

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, chorshanba kuni Rojaston shtati, Pxalodi shahrida 50,5 gradus harorat kuzatilgan. Bu ko‘rsatkich Hindiston tarixidagi rekord darajadagi haroratdan bor-yo‘g‘i 0,1 gradus past, xolos. 

"1956 yili xuddi shu shtat Alvar shahrida 50,6 Tselsiy darajasi qayd etilgan. Biroq yaqin kunlarda Shimoliy, G‘arbiy va Markaziy Hindistonda harorat faqatgina ko‘tariladi va ehtimol, ushbu rekord o‘zgarar", - dedi departament direktori Braxma Prakash Yadav.

Ushbu prognoz, qolaversa, hozirgi vaziyatga asoslanib Hindiston tabiat ofatlarini bartaraf etish milliy boshqarmasi Xaryana, Rojaston, Gujarot, Madhya-Pradesh va Dehli qo‘shma hududida favqulodda holat e'lon qildi. 

Hindistonning poytaxti Nyu-Dehlida harorat 47 darajaga ko‘tarildi, natijada elektr energiyasiga bo‘lgan talab yuqorilab ketib, ba'zi tumanlar tarmoqdan uzilib qolishiga sabab bo‘lmoqda. Aholi uylarni tark etmaslik va tibbiyot xodimlari tavsiyasiga ko‘ra, ko‘proq suyuqlik qabul qilishga intilmoqda. Hatto Dehli hayvonot bog‘idagi yo‘lbarslarga ham organizmda suv-tuz balansini qayta tiklash uchun elektrolitlar eritmasi qo‘shilgan ichimlik berilmoqda. 

Indira Gandi nomidagi xalqaro aeroportda ham qiyin vaziyat yuzaga kelgan. Uchish-qo‘nish yo‘lagi kun o‘rtasida 50 va undan ortiq darajalarga qizib ketadi. Natijada yirik samolyotlarning qo‘nishi murakkablashdi. 

Yomg‘irlarning yo‘qligi vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda. 330 million nafardan ortiq kishi istiqomat qiluvchi 256ta okrug ichimlik suvi yetishmasligidan aziyat chekmoqda. Janubiy shtatlar – Odishe, Telangan va Andhra-Pradeshda so‘nggi ikki haftada, yuqori harorat bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra, 500dan 700 nafargacha kishi nobud bo‘ldi. 

O‘tgan yili, rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 2 ming odam jazirama qurboni bo‘lgan. Ofatning oldini olish maqsadida shu yil aprel oyidan boshlab markaziy hukumat 240 milliard rupiya (3,6 milliard dollar) ajratdi. Bu Hindistonning 2016-2017 yil qishloq xo‘jaligi taraqqiyoti xarajatlarining yarmidan ham ko‘p mablag‘ hisoblanadi.

Top