18:01 / 19.05.2016
7188

«O‘zbekneftgaz» va Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha hujjat imzolandi

«O‘zbekiston neft va gazi – OGU-2016» xalqaro ko‘rgazmasining ishbilarmonlar maydonida «O‘zbekneftgaz» MXK va Ozarbayjon davlat neft kompaniyasi hisoblanadigan SOCAR o‘rtasida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha bitim imzolangan. Bu haqda «O‘zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

SOCAR rahbari Rovnag Abdullayev O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari G‘ulomjon Ibragimov bilan, shuningdek, «O‘zbekneftgaz» boshqaruv kengashi vakili Alisher Sultonov bilan uchrashuv o‘tkazgan va energetika sohasida ikki tomonlama hamkorlikning istiqbollarini muhokama qilgan.

Shu kuni «O‘zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasi vakillari va Schlumberger (AQSh/Fransiya), Exalo Drilling G-Drilling (Polsha), CIUZ (Italiya), Worley Parsons Uzbekistan Engineering (Buyuk Britaniya), «Kriogenmash» (Rossiya) kabi kompaniyalar rahbariyati o‘rtasida B2B formatida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. 

Unda tomonlar dunyo iqtisodiyotining yetakchi sektorida kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini ko‘rib chiqdi. Xususan, zamonaviy uskuna va texnologiyalardan foydalangan holda qator istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, neftgaz tarmog‘i uchun kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish sohasida AKT-loyihalarini joriy qilish va qator boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Muzokaralar natijalari bo‘yicha «O‘zbekneftgaz» MXK va SOCAR (Ozarbayjon), Schlumberger (AQSh/Fransiya), «Kriogenmash» (Rossiya) kabi yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.

 

Top