10:29 / 20.05.2016
6290

"Alisa mo‘'jizalar olamida" kitobining ilk nashri namunasi 3 million dollarga sotilishi mumkin

Mashhur ingliz yozuvchisi, faylasuf va matematik Lyuis Kerrolning (haqiqiy ismi Charlz Lyutvij Dojson)1865 yilda nashr qilingan "Alisaning mo‘'jizalar olamidagi sarguzashtlari" kitobining birinchi nashri namunasi sotuvga qo‘yildi. TASS agentligining ma'lum qilishicha, kitobning baholanish qiymati 3 million dollargacha yetishi mumkin.

Agar lot haqiqatdan ham shu narxda ketsa, u holda "Alisa mo‘'jizalar olamida" - dunyodagi eng qimmatbaho bolalar kitobi bo‘ladi. Savdoga qo‘yilayotgan kitob xususiy shaxslarda saqlanayotgan olti nusxaning biri hisoblanadi. Biroq to‘rtta kitob muqovalanib bo‘lgan, bittasi juda yomon holatda va faqat shugina yaxshi saqlanib qolgan. Bundan tashqari, mazkur kitob tilla tasma bilan bezatilgan qizil matoli sovg‘aga mo‘ljallangan muqovada chiqarilgan o‘nta kitobdan biridir.

"Bu kitobning sotilishi - 1865 yilgi afsonaviy "Alisa"ning ilk nashri nusxasini qo‘lga kiritish imkonini beradi. Xususiy shaxslarda bunday original muqovali, juda yaxshi holatda saqlangan nusxa yo‘q", - dedi kimoshdi savdo uyi xodimi. Kitob mashhur illyustrator Jon Tenniyel tomonidan yaratilgan 42 tasvirni o‘zida jamlagan.

Kitob 16 iyun kuni Nyu-Yorkdagi kimoshdi savdosida sotuvga qo‘yiladi. Bugungi kunga qadar "Alisaning mo‘'jizalar olamidagi sarguzashtlari" kitobi 170 tilda chop etilgan va u bir yarim asrdan buyon dunyo miqyosidagi bestseller hisoblanadi.

Top