20:08 / 20.05.2016
4646

Qoraqalpog‘istonlik g‘allakorlar 85 ming 300 tonnalik xirmon yaratishni rejalashtirishdi

Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham g‘alla o‘rim-yig‘imiga puxta hozirlik ko‘rilmoqda. Tumanlarda mavsum tayyorgarligiga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminarlar o‘tkazilmoqda. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.   

Joriy yilda 53 ming gektar maydonda dehqonchilik qilayotgan qoraqalpog‘istonlik g‘allakorlar 85 ming 300 tonnalik xirmon yaratishni rejalashtirgan. 

To‘rtko‘l tumanida o‘tkazilgan ko‘rgazmali seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi, Ichki ishlar vazirliklari, favqulodda vaziyatlar boshqarmasi vakillari, fermer xo‘jaliklari, muqobil mashina-traktor parklari rahbarlari, mutaxassislar ishtirok etdi.

Joriy yilda tuman fermerlari 3 ming gektar yerda mintaqa iqlim sharoitiga mos “Krasnodar”, “Yaksart”, “Grom”, “Gratsiya” kabi serhosil bug‘doy navlarini parvarishlamoqda. G‘alla o‘rim-yig‘im ishlari 6 otryadga biriktirilgan 15 zamonaviy kombayn va 30 dan ortiq tashuv mashinalari yordamida amalga oshiriladi. Texnikalar birlamchi o‘t o‘chirish vositalari bilan ta'minlangan bo‘lib, yong‘inning oldini olish bo‘yicha zarur yo‘riqnomalar tarqatilgan.

Kegeyli tumanida ham 168 fermer xo‘jaligi tomonidan 4 ming 335 gektar maydonda yetishtirilayotgan bug‘doy hosilini nobud qilmay yig‘ishtirib olish uchun texnika va mexanizmlar shay holga keltirib qo‘yildi.

Bunday ko‘rgazmali seminarlar boshqa tumanlarda ham o‘tkazilmoqda.

Top