Moskvaning TsSKA jamoasi futbol bo‘yicha Rossiya birinchiligida barcha raqiblarini ortda qoldirib, oltinchi marotaba chempionlik unvoniga sazovor bo‘ldi. Bu haqda Rossiya premer ligasi saytida xabar qilindi.
Chempionatning so‘nggi 30-turidan o‘rin olgan o‘yinda armiyachilar Qozonning «Rubin» jamoasini mehmonda 1:0 hisobida dog‘da qoldirdilar. O‘yindagi yagona golga Alan Dzagoyev 19-daqiqada mualliflik qildi. TsSKA darvozaboni Igor Akinfeyev esa, o‘yin so‘nggida jamoasini ikkita muqarrar goldan qutqarib qolib, o‘yinning bosh qahramoni bo‘ldi.
Rostovning «Rostov» «Terek» ustidan 2:0 hisobida ustun kelib, birinchi marta ikkinchi o‘rinni egallab, UYeFA Chempionlar ligasiga yo‘llanmani naqd qilgan bo‘lsa, «Dinamo»ni mag‘lub etgan Sankt Peterburgning «Zenit» klubi uchinchi o‘rin bilan kifoyalandi.