Birinchi og'ir vaznda ishtirok etuvchi rossiyalik bokschi Denis Lebedev argentinalik  Viktor Emilio Ramiresga qarshi jangda g'olib bo'lib, WBA va IBF yo'nalishlari bo'yicha jahon chempioni unvonlarini qo'lga kiritdi.

Jang 21 may kuni Moskvada bo'lib o'tdi va Lebedevning 2-raunddagi g'alabasi bilan yakunlandi. Ramires 2-raund o'rtasida ring chetidagi arqonlarga tiranib olib, rossiyalikning zarbalariga javob bermay qo'ygan. Hakam jangni to'xtatib, argentinalik bokschiga texnik nokaut berdi. Bokschining o'zi va jamoasi bunga qarshilik ko'rsatmadi. 

Lebedev bu janggacha WBA yo'nalishi bo'yicha jahon chempioni edi. Jang natijalariga ko'ra u Ramiresga tegishli bo'lgan IBF chempionlik kamarini tortib oldi. 36 yoshli rossiyalik bokschining g'alabalari soni yana bittaga ko'paydi, endi ularning soni 29 taga yetdi. Rossiyalik bokschining hisobida bitta mag'lubiyat bor. Yana bitta jangi bo'lib o'tmagan deb tan olingan.

2009 yilda ilk bor jahon chempioni bo'lgan 31 yoshli Ramires 27 jang o'tkazib, 22 tasida g'alaba qozongan, 3 tasida mag'lub bo'lgan va bittasida durang natija qayd qilgan. Yana bitta jangi hisobga olinmagan.

21 maydagi boks kechasida, shuningdek, rossiyalik Aleksandr Povetkin va AQShlik jahon chempioni Deontey Uaylder o'rtasida ham jang bo'lib o'tishi kerak edi. Biroq jang rossiyalik bokschi topshirgan qon namunasi dopingga ijobiy natija bergani sababli noma`lum muddatga qoldirildi.