11:46 / 22.05.2016
5629

Tojikistonda Emomali Rahmonning umrbod prezident bo‘lib saylanish huquqini qonunan rasmiylashtirish bo‘yicha referendum boshlandi

Tojikistonda mamlakat konstitutsiyasiga tuzatishlar kiritish bo‘yicha umumxalq referendumi boshlandi.

"Interfaks" xabariga ko‘ra, fuqarolar referendumda amaldagi prezident, millat rahnamosi hisoblanmish Emomali Rahmonning o‘z nomzodini prezidentlik uchun cheksiz marta qo‘yishiga, ya'ni umrbodga prezident bo‘lib saylanishiga imkon beruvchi o‘zgartirishni tasdiqlash ovoz berishadi. Shuningdek, o‘zgartirishga ko‘ra, prezidentlik uchun nomzodning yosh ko‘rsatkichi 35 yoshdan 30 yoshga tushirilgan.

Bu o‘zgartirishlar Emomali Rahmonning katta o‘g‘li Rustam Emomaliga 2020 yili o‘z nomzodini prezidentlik uchun ko‘rsatishga yo‘l beradi. Bu agar uning otasi o‘z ixtiyori bilan lavozimini tark etsa ro‘y beradi.

Bundan tashqari, tuzatishlar diniy va millatchilik ruhidagi siyosiy partiyalar hamda birlashmalar tuzishni taqiqlash ehtimollarini nazarda tutadi.

Tojikistonning 1994 yili qabul qilingan amaldagi konstitutsiyasiga ko‘ra, Emomali Rahmon 2020 yilgi saylovda o‘z nomzodi bilan ishtirok eta olmaydi.

Kuzatuvchilarning baholashicha, bu referendumni o‘tkazish haqidagi qarordan maqsad amaldagi hukumatning mamlakatda o‘z ta'sirini saqlab qolish va mustahkamlash istagi bilan bog‘liq. Shu bilan birgalikda, Tojikiston MSK bu fikrlarni rad etgan.

Tojikiston yetakchisi Emomali Rahmon 14 may kuni «Bayram kunlari haqida»gi qonunga tuzatishlarni imzolagandi. Oldinroq parlamentning ikki palatasi tomonidan tasdiqlangan mazkur tuzatishlarga ko‘ra, mamlakatda 16-noyabr Prezident kuni deb e'lon qilinadi.

Top