14:55 / 23.05.2016
3286

Bayer Amerikaning Monsanto kompaniyasini 62 mlrd dollar evaziga xarid qilmoqchi

Germaniyaning Bayer kimyoviy konserni Amerikaning Monsanto korporatsiyasini xarid qilish uchun 62 mlrd AQSh dollari taklif etdi. Monsanto gerbitsidlar va qishloq xo‘jaligi o‘simliklarining irsiy modifikatsiyalangan urug‘larini yetkazish bilan shug‘ullanadi, deyiladi Germaniya kompaniyasi xabarida. Mabodo mazkur bitim amalga oshgudek bo‘lsa, agrobiznesning ushbu sohasida jahonning eng yirik ishlab chiqaruvchisi paydo bo‘ladi. 

Bayer kompaniyasi Monsanto’ning har bir aksiyasiga naqd pul ko‘rinishida 1,22 dollardan taklif etgan. Bu Amerika kompaniyasining o‘tgan hafta so‘nggidagi birja narxidan 20 foizga ko‘p demakdir, deb qayd etmoqda Bloomberg agentligi.

Monsanto yigirma yillar muqaddam, makkajo‘xori va soyaning irsiy modifikatsiya qilingan urug‘larini sota boshlagan edi. Bugungi kunga kelib, uning mahsulotlaridan AQSh fermerlarining aksariyati foydalanadi. Kompaniya, shuningdek, Lotin Amerikasi va Hindistonga ham o‘z mahsulotini yetkazib beradi. 

2014 yili Monsanto Shveytsariyaning Syngenta urug‘chilik kompaniyasini 43,7 mlrd dollarga xarid qilish bo‘yicha muzokaralarni boshlagan, ammo yakuniy bitimga erisholmagandi. 

2015 yili Syngenta uning shartlarini rad etgach, Monsanto o‘z niyatlaridan voz kechgan edi. 2016 yil fevralida esa, Xitoy milliy kimyoviy korporatsiyasi (China National Chemical Corp.) Syngenta’ni 43 mlrd dollardan ko‘proq haq evaziga xarid qilish bo‘yicha bitimga erishgandi.

Top