17:37 / 23.05.2016
11984

OAV: Alisher Usmonov 600 mln dollar evaziga 156 metrli yaxta sotib oldi

GTSpirit portalida ko‘p profilli USM Holdings xoldingi aksioneri, rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning Germaniyada yangi yaxta sotib olgani haqida ma'lumot berildi. Unga ko‘ra, 156 metr uzunlikdagi bu yaxta 600 mln dollar evaziga xarid qilingan.

Yaxta Bremendagi Lurssen nomli kemasozlik bilan shug‘ullanuvchi kompaniya tomonidan qurilgan. Yaxtaning qurilishi bir necha yil davom etgan va u bir necha oy davomida dengizda sinovdan o‘tkazilgach, Usmonovga topshirilgan.

Rossiyalik milliarder bu yaxtaga onasi sharafiga "Dilbar" nomini bergani aytilgan. Yaxta 21 may kuni Germaniyadagi portni tark etgan.

Ma'lum qilinishicha, bu yaxtaga jami 120 kishi joylashadi: 40 nafar mijoz va 80 nafar ekipaj a'zolari. Kema dizayni bilan Monakodagi Espen Oeino byurosi shug‘ullangan.

Ma'lumot uchun, Usmonov 2008 yilda ham qimmatbaho yaxtaga ega bo‘lgandi. Birinchi yaxta narxi 100 mln yevrodan 200 mln yevrogacha bo‘lgani aytilgan.

Top