11:07 / 24.05.2016
4139

Damashq Ar-Riyod, Anqara va Dohani Suriya shaharlariga uyushtirilgan hujumlarni tashkil etishda ayblamoqda

Suriya rahbariyati, Saudiya Arabistoni, Turkiya va Qatar hukumatlarini, Suriyaning bir qator shaharlariga amalga oshirilgan qurolli hujumlarni tashkil etishda ayblab chiqdi. Suriyaning BMTdagi doimiy vakili Bashar Ja'fariyning tashkilot bosh kotibi va BMT XK raisiga yo‘llagan murojaatida shu haqda so‘z yuritilgan. 

Suriya vakili butunjahon tashkiloti tomonidan e'lon qilingan maktubida, "Jabhat an-Nusra" terrorchilik guruhi, "Ahror ash-Shom" tashkiloti va ularga ittifoqchi bo‘lgan tuzilmalarning Xama viloyatidagi Zara aholi punktiga uyushtirgan keng qamrovli qurolli hujumini batafsil yoritgan.

Terrorchilar 12 mayga o‘tar kechasi amalga oshirgan hujumida ayollarni o‘g‘irlab ketgan, turli ma'lumotlarga ko‘ra, 70dan 100nafargacha tinch aholi vakilini o‘ldirgan. 

Hujjatda, "An-Nusra" fronti, "Ahror ash-Shom" tashkiloti, "Xoms korpusi", "Kataib Ahlis-Sunna" va "Xoms armiyasi" ijtimoiy tarmoqlar orqali Zarada amalga oshirilgan qotilliklar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olganiga e'tibor qaratilgan. Afsuski, mazkur qurollangan guruhlarni "ayrim G‘arb mamlakatlari va boshqa davlatlar "mo‘'tadil" deya baholamoqda". 

Uning ishonch bildirishicha, bu kabi hujumlardan ko‘zlangan bosh maqsad aniq, u ham bo‘lsa, Suriya muammosiga tinch yo‘l bilan barham berishga qaratilgan Jyeneva muzokaralarini barbod qilishdir. 

Shu bilan birga, Ja'fariyning yozishicha, "Zaradagi fojia, AQSh, Fransiya, Buyuk Britaniya va Ukrainaning Xavfsizlik Kengashidagi vakillari "Jabhat An-Nusra" va "Ahror ash-Shom" tashkilotini terrorchilik guruhlar ro‘yxatiga kiritishga rozi bo‘lmagan bir vaqtda sodir etilgan". 

Bu esa, Ja'fariyning so‘zlariga ko‘ra, "mazkur davlatlar yuqoridagi tashkilotlarning jinoyatlarini qo‘llab-quvvatlayotgani hamda ular sodir etayotgan jinoyatlarni nima uchun tan olmayotganini" isbotlaydi. 

Bundan avval, Suriya tashqi ishlar vazirligi Zara qishlog‘idagi qatliomni qoralashni so‘rab, BMT bosh kotibi va BMT XK raisiga maktub yo‘llagan edi.

Kunning eng asosiy va qiziq xabarlaridan tezkor ravishda xabardor bo‘lish uchun «Kun.uz»ning Telegram’dagi kanaliga a'zo bo‘ling.

Top