19:57 / 24.05.2016
10670

«Lokomotiv» «Al-Hilol»ni yengib, OChLning chorak finaliga chiqdi

Bugun, 24 may kuni OChL nimchorak finali doirasida Toshkent shahridagi «Bunyodkor» stadionida «Lokomotiv» jamoasi Saudiya Arabistonining «Al-Hilol» jamoasini qabul qildi.

Bir hafta avval Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan bahs 0:0 hisobidagi durang natija bilan yakuniga yetgan edi. Toshkent vaqti bilan soat 18:00da boshlangan bahsda mezbonlar to‘la ustunlik qilishdi va jamoa chorak finalga yo‘l oldi.

Avvaliga o‘yinning 26-daqiqasida toshkentliklar himoyachisi Islom To‘xtaxo‘jayev hisobni ochdi. 56-daqiqada esa mezbonlarning yana bir himoyachisi Sherzod Fayziyev hisobdagi ustunlikni oshirdi - 2:0.

O‘yinning oxirgi qismida, 88-daqiqada avstraliyalik hakam Benjamin Uilyams saudiyaliklar hujumchisi Ailton jarima maydonida yiqilgach, 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi. Muhammad al-Shulhub jarimani aniq amalga oshirib, hisobni qisqartirdi, lekin qolgan vaqt ichida toshkentliklar jamoasi g‘alabani saqlab qoldi.

Shu tariqa, «Lokomotiv» o‘z tarixida ilk marta OChLning chorak finalida o‘ynaydi.

Turnirning birinchi chorak finalchisi biroz oldinroq ma'lum bo‘lgandi. Janubiy Koreyaning «Chonbuk Motors» jamoasi o‘z maydonida Avstraliyaning «Melburn Viktori» klubini ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra ortda qoldirib (1:1, 2:1) turnirni davom ettirgandi.

Osiyo Chempionlar Ligasi—2016
Nimchorak final, javob uchrashuvi
24 may, seshanba

«Lokomotiv» (O‘zbekiston) — «Al-Hilol» (Saudiya Arabistoni) 2:1 (1:0)

Gollar: Islom To‘xtaxo‘jayev (26), Sherzod Fayziyev (55) — Muhammad al-Shalhub (89-penalti).
Ogohlantirishlar: Ikrom Aliboyev (32), Sanjar Shoahmedov (54) — Navaf al-Obid (22), Salmon al-Faraj (52), Muhammad Jahfaliy (74), Yosir al-Shahroniy (90+2).

«Lokomotiv»: Ignatiy Nesterov, Sherzod Fayziyev, Kaxi Maxaradze, Islom To‘xtaxo‘jayev, Salim Mustafoyev, Temur Kapadze, Ikrom Aliboyev (Marat Bikmayev, 70), Oleg Zoteyev (Sardor Mirzayev, 76), Sanjar Shoahmedov (Sergey Proxorov, 85), Server Jyeparov, Temurxo‘ja Abduxoliqov.

«Al-Hilol»: Fahad az-Zunayyan, Abdulloh az-Zoriy (Xolid al-Ka'biy, 74), Digao, Muhammad Jahfaliy, Yosir al-Shahroniy, Salmon al-Faraj, Saud Kaririy, Navaf al-Obid (Muhamma al-Shalhub, 46), Karlos Eduardo (Yosir al-Qahtoniy, 80), Salim ad-Dousariy, Ailton.

Bosh hakam: Benjamin Uilyams (Avstraliya).

Top