21:32 / 24.05.2016
10396

Milliy universitetda "Navoiy va 21 asr" mavzusida birinchi respublika ilmiy amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi

Yaqinda tashkil etilgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining ilk qadami “Alisher Navoiy va XXI asr” mavzuiga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy anjumanidan boshlandi.

Anjumanning ochilish marosimida so‘zga chiqqan universitet rektori Shuhrat Sirojiddinov, O‘zbekiston qahramoni, professor Suyima G‘aniyeva va boshqalar O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning 2016 yil 13 mayda qabul qilingan “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni jamiyat hayotida ulkan ijtimoiy voqelik bo‘lganini alohida ta'kidladi. 

Mazkur hujjatda qayd etilganidek, buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy umumbashariyat madaniy xazinasidan munosib o‘rin olgan o‘lmas asarlarini aynan ona tilida yaratib, uning shuhratini butun dunyoga tarannum etdi.

Aytish joizki, O‘zbekistonda o‘zbek tili va adabiyotining o‘zbek xalqi, jamiyat ma'naviy rivojida, zamonaviy ilm-fan taraqqiyotida tutgan o‘rni va roli bilan bog‘liq dolzarb mavzularda muhim ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilmoqda, ko‘plab lug‘at va qomuslar, risola va darsliklar nashr etilmoqda. O‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha mutaxassislar, ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, mazkur yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish masalalariga katta e'tibor berilmoqda.

Yuksak saviyada va g‘oyat sermazmun o‘tgan anjumanda filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborovning “Alisher Navoiy ensiklopediyasi”ni yaratish tamoyillari”, Nasimxon Rahmonovning “Alisher Navoiy adabiyotni qanday davrlashtirgan?”, Nafas Shodmonovning “Navoiy asarlari nomlari xususida ba'zi mulohazalar”, navoiyshunos olim Anvar Tursunovning “Alisher Navoiy ijodida ta'lim-tarbiya masalalari” mavzuidagi ma'ruzalari barchada katta qiziqish uyg‘otdi.

Anjuman o‘z ishini “Alisher Navoiyning ilmiy merosi va matnshunoslik masalalari”, “Alisher Navoiyning adabiy merosi va tarjimai holi bilan bog‘liq masalalar”, “Tilshunoslik, uslubiyat va adabiy ta'sir masalalari” sho‘'balarida davom ettirdi.

 

Top