17:05 / 24.05.2016
3335

Namanganda basketbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining uchinchi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi

Namanganda 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida basketbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining hal qiluvchi uchinchi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

Musobaqada Navoiy, Samarqand, Andijon viloyatlari va Toshkent shahridan olti jamoa o‘zaro bahslashdi.

Toshkent shahrining Markaziy harbiy sport klubi va Namangan viloyati terma jamoalari musobaqani yaxshi natija bilan yakunladi. Namanganliklar Samarqand viloyati terma jamoasini 66:47, andijonlik tengdoshlarini 63:31, Navoiy viloyati vakillarini 85:15, “Namangan-Yoshlik” jamoasini 65:23 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Markaziy harbiy sport klubi jamoasi ham barcha raqiblarini mag‘lub etib, finalga chiqdi.

Hal qiluvchi uchrashuvda poytaxtlik basketbolchilar raqiblarini 96:82 hisobida yengib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. Mezbon sportchilar kumush, samarqandliklar bronza medal bilan taqdirlandi.

Chempionat davomida o‘z iste'dod va mahoratini namoyish qilib, turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlangan toshkentlik Georgiy Lavrov, namanganlik Asadbek Akromov, samarqandlik Emil Qayumov mamlakat terma jamoasiga qabul qilindi.

Top