15:04 / 24.05.2016
5681

OAV: Lui van Gaal o‘zining ishdan bo‘shatilishi haqida Mourino bilan telefon muloqotidan keyin bilgan

"Manchester Yunayted" jamoasining sobiq bosh murabbiyi Lui van Gaal o‘zining ishdan bo‘shatilishi haqida portugaliyalik mutaxassis Joze Mourino bilan telefon orqali muloqot qilganidan keyin bilgan. Bu haqda Mirror xabar tarqatdi.

23 may kuni kechqurun "MYu" rasman van Gaalni iste'foga chiqardi. Uning o‘rnini aynan Joze Mourino egallashi kutilmoqda.

"Lui van Gaal o‘zining "MYu"dan ketishi haqida o‘zidan keyin jamoada bosh murabbiy bo‘luvchi Joze Mourino bilan telefon muloqotidan keyin bilgan", deb yoziladi xabarda.

64 yoshli van Gaal "MYu"ni 2014 yilning mayidan buyon boshqarib kelmoqda. U bilan shartnoma muddati 2017 yilning yoziga qadar tuzilgandi.

3 kun oldin u jamoa bilan Angliya Kubogi finalida zafar quchgandi. Lekin u o‘sha kuni muxbirlardan birining o‘z kelajagi xususida bergan savoliga "barchasi tugagani" haqida aytgandi.

Uning murabbiyligining birinchi yilida "Manchester Yunayted" mavsumni to‘rtinchi o‘rinda yakunladi va YeChL yo‘llanmasiga ega bo‘ldi. Lekin jamoa YeChLni guruh bosqichida yakunladi. "Volfsburg", TsSKA va PSV  jamoalari bilan bir guruhdan joy olgan "MYu" uchinchi o‘rinni egalladi va Yevropa Ligasida kurashni davom ettirdi. Bu turnirdagi ishtirok "Midtyulland" to‘sig‘idan o‘tish va keyingi bosqichda "Liverpul"dan ortda qolish bilan yakunlandi.

APLda esa jamoa beshinchi o‘rinni egalladi va keyingi mavsumda YeChLda ishtirok eta olmaydigan bo‘ldi.

Mourino Angliyaning boshqa bir jamoasi "Chelsi"ni 2 marta boshqargan. Avvaliga, 2004 yildan 2007 yilgacha o‘tgan davrda u jamoa bilan 2 marta Angliya chempionligiga erishgan. Shuningdek, 2007 yilda Angliya Kubogida, 2005 va 2007 yillarda Angliya Ligasi Kubogida, 2005 yili Angliya Superkubogi finalida g‘olib chiqqan.

U London jamoasidan birinchi marta ketishi YeChLdagi muvaffaqiyatsiz ishtirok tufayli bo‘ldi. Shundan keyin Mourino 2008-2010 yillarda "Inter"ni, 2010-2013 yillarda esa "Real"ni boshqardi.

2013-14 yilgi mavsum arafasida ushbu mutaxassis "Chelsi"ga qaytdi. Uning rahbarligida jamoa 2014-15 yilgi Angliya chempionatida g‘olib chiqdi va Angliya Ligasi Kubogini qo‘lga kiritdi. Lekin o‘tgan yilning 17 dekabrida u qoniqarsiz natijalar tufayli iste'foga chiqarildi.

Top