09:42 / 26.05.2016
22577

Men chiroyli sabr qilguvchilardan bo‘laman

Qur'oni karimda keluvchi go‘zal qissalardan biri Yusuf alayhissalom haqidadir. U kishining madhi shunchalar ko‘p tilgan olinganki, ular asosida sanoqsiz hikoyalar to‘qilgan. Hikoyalar esa afsonalarga aylangan. Ammo bu hikoya va qissalarning eng ishonarlisi muborak kalomda keladi. 

Hazrat Yusuf qissasining go‘zal nuqtalari juda ko‘p bo‘lib, har biri inson uchun ibratdir. Ular kishiga olam-olam zavq ulashadi, xayolga toldiradi, tadabbur qilishga undaydi.

Yusuf alayhissalomning akalari o‘zaro til biriktirishadi hamda otalari Yoqub alayhissalom oldiga kelib, ukalari Yusufni bo‘rilar talab ketganini, uning halok bo‘lganini aytishadi va gaplarining isboti tariqasida Yusufning qonga bo‘yalgan ko‘ylagini ko‘rsatishadi.

Kenja o‘g‘li Yusufni jondan ortiq ko‘rguvchi Yoqub alayhissalom kuylakni qo‘llariga olib ko‘zlariga surdilar va qattiq dard-alamda ko‘z yosh to‘kdilar va dedilar: “Men chiroyli sabr qilguvchilardan bo‘laman!”.

Qissaning yakuni barchaga ayon. Fitna qilgan akalar sharmanda bo‘ldi, sabr qilgan ota esa eng go‘zal oqibatga erishdi.

Sabr insonga berilgan eng katta ne'mat va imkoniyatdir. Chunki kishi sabrchalik bir vaqtning o‘zida ham savobga, ham ikki dunyo ne'matiga erisha olmaydi.

Tasavvur qiling, shahardagi bir supermarketda boshqa joylarda ommabop va qimmat bo‘lgan mahsulotni yarim pulidan arzonga sotishyapti. Eng qizig‘i siz qayerdan kelishingizdan qat'i nazar yo‘l kirangizni ham to‘lab yuborishadi. Nima qilgan bo‘lardingiz? Hech ikkilanmay u yerga borish uchun yo‘lga tushardingiz.

Sabr ham xuddi shunday holat. Chiroyli sabrda bo‘linsa, niyat qilingan ne'matga, albatta, yetiladi va ana shu sabr yo‘lida ham bitmas-tuganmas ajr beriladi.

Yuragingni timdalasa olam-olam dard,
Dushmanlaring hayotinga yetkazsalar gard,
Qolmasa yoningda turguvchi zo‘r mard,
Yoqubdayin chiroyli bir sabr qilgin.

Yor deganing vafo qilmas jafokash bo‘lsa,
G‘iybatlardan sabringning bu kosasi to‘lsa,
Bir kun kelib nomardlar gar siring bilsa,
Yoqubdayin chiroyli bir sabr qilgin.

Tuzing yeyib tuzlig‘inga tupursalar,
Libosinga qarab sendan hol so‘rsalar,
Ahvolingni ko‘rib turib gung bo‘lsalar,
Yoqubdayin chiroyli bir sabr qilgin.

Bemor bo‘lib shiftga qarab yotib qolsang,
Ne bo‘ladi endi, deya o‘yga tolsang,
Yaxshilik qilsangu yomonlik topsang,
Yoqubdayin chiroyli bir sabr qilgin.

Sabr ulug‘ ne'mat erur, jonga huzur,
Buyuklarning yo‘li erur, qilmoq zuhur,
Hecham aql o‘rgatmadim ming bor uzr,
Yoqubdayin chiroyli bir sabr qilgin.

Sarvar Anvar o‘g‘li

Top