01:00 / 26.05.2016
5303

Turkiyaning yangi bosh vazir o‘rinbosarlari nima ish qilishlari taqsimlab olindi

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an boshchiligida 25 mayda o‘tgan, Turkiyaning yangi vazirlar mahkamasining birinchi yig‘ilishida bosh vazir o‘rinbosarlari javobgarlik sohalari belgilab olindi. Ularni bosh vazir o‘rinbosari No‘'mon Kurtulmush Anqarada jurnalistlarga eshittirdi.

Majburiyatlarning taqsimlanishiga ko‘ra, Turkiyaning yangi bosh vaziri Binoli Yildirim xavfsizlik masalalarini boshqaradi, bevosita unga Turkiya ichki ishlar vazirligi va Milliy razvedka tashkiloti bo‘ysunadi. Shuningdek, uning qo‘l ostida bosh vazir ma'muriyatidagi axborot va matbuot departamenti bo‘ladi. 

Bosh vazir o‘rinbosari Nuriddin Joniqli parlament bilan aloqaga javob beradi va investitsiyalash va sug‘urtalash ishlarini olib boradi.

Bosh vazir o‘rinbosari Mexmet Shimshekning zimmasiga g‘azna va bank sohasi, jumladan Markaziy bank topshiriladi. 

Bosh vazir o‘rinbosari Tug‘rul Tyurkesh Kipr ixtilofini tartibga solish, xorijiy turk jamoalari va disporalarini boshqaradi. 

Bosh vazir o‘rinbosari Veysi Qaynaq inson huquqlari, shaxsiy ma'lumotlarni himoya qilish masalalari bilan shug‘ullanadi, Favqulodda vaziyatlar va tabiiy ofatlar bo‘yicha departamentni nazorat qiladi.

Bosh vazir o‘rinbosari No‘'mon Kurtulmush davlat kengashi, jamoatchilik tashkilotlari, davlat televideniyesi va radioni nazorat qiladi, uning zimmasida Anadolu axborot agentligi bo‘ladi.

Avvalroq Erdo‘g‘an Turkiyaning yangi vazirlar mahkamasi tarkibini tasdiqlagandi. Bosh vazir Yildirim hukumat dasturini parlament yig‘ilishida taqdim qildi. Parlament kelayotgan yakshanba kuni vazirlar mahkamasiga ishonch bildirish bo‘yicha votum chiqarishi kerak.

Top