12:17 / 27.05.2016
8557

Bloomberg: Putinning reytingi pasayishda davom etmoqda

G‘arb davlatlari yetakchilari Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan munosabatlarda paradoksga duch kelishmoqda - Putin ular bilan ziddiyatlarini qanchalik kuchaytirsa, u rus xalqiga shu qadar ko‘proq yoqib bormoqda. Bu haqda Bloomberg xabar yozgan.

Agentlik ma'lumotiga ko‘ra, bunga erishish uchun muxolifat bilan munosabatlarda tegishli choralar ko‘rilgan hamda televideniye orqali millatni tashqi dushmanlardan himoya qiluvchi "yaxshi hukmdor" qiyofasi yaratilgan.

Shu bilan birgalikda, ayni vaqtda Rossiya keyingi 2ta o‘n yillikdagi eng inqirozli davrni boshdan kechirmoqda va Putinning reytingi nisbatan tushmoqda. Joriy oyda uning reytingi 80 foizni ko‘rsatdi.

"Lekin bu G‘arb davlatlari yetakchilari faqat tushida ko‘rishi mumkin bo‘lgan ko‘rsatkich hisoblanadi", deyiladi xabarda.

Putinni yoqtirmaydigan rossiyaliklar ham uning o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan munosib nomzodni ko‘rishmayotgani bois, uning kuchishlatar tizimini yoqlashni afzal bilishmoqda.

Yil boshida "Levada-sentr" o‘tkazgan so‘rov natijalari Putinning reytingida pasayish boshlanganini ko‘rsatgandi.

Aprel oyida Putinning ishini 82 foiz rossiyaliklar qo‘llab-quvvatlagan, norozilar esa 17 foizni tashkil etgan edi. Shu bilan birga, prezidentni ma'qullash reytingi yil boshidan buyon o‘zgarmagan: martda va yanvarda Putinning faoliyatidan so‘rov ishtirokchilarining 82 foizi, fevralda esa 81 foizi mamnun bo‘lgan.

Dmitriy Medvedevning Rossiya bosh vaziri lavozimidagi ishini aholining 54 foizi ma'qullaydi, 45 foizi — aksincha.

Bundan tashqari, so‘rov ishtirokchilariga ular eng ko‘p ishonadigan siyosatchi va jamoatchilik arboblarini sanab o‘tishni taklif qilishdi. Bunda birinchi o‘rinni Putin (so‘ralganlarning 53 foizi uni aytgan), ikkinchi o‘rinni Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu (26 foiz), keyingi pog‘onani esa tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov (20 foiz) egalladi.

Top