11:30 / 27.05.2016
2614

BMT Yaman iqtisodiyotini qutqarish rejasini taklif qildi

BMT mutaxassislari Kuvaytdagi konsultatsiyalar ishtirokchilariga Yaman iqtisodiyotini qutqarish rejasini taqdim etdi. Bu haqida jurnalistlarga Butunjahon tashkiloti bosh kotibining maxsus elchisi Ismoil Shayx Ahmad ma'lum qildi. 

"Men iqtisodiyotni butkul inqirozdan saqlash maqsadida qisqa vaqt ichida uni qayta tiklash tuzilmasiga asos solishni taklif qildim", - dedi u. 

Ahmad bu tuzilma tarkibiga tomonlar belgilagan mutaxassilar kiritilishi, uni nafaqat BMT, balki Jahon banki qo‘llab-quvvatlashini ma'lum qildi. Emissar vaziyat darhol aralashuvni talab qilishini ta'kidladi. 

"Iqtisodiyot tanazzuli inflyatsiya va narxlarning keskin o‘sishiga olib keladi", - dedi Ismoil Shayx Ahmad.

Hukumat va shia isyonchilari o‘rtasida qurolli mojaro boshlangunga qadar Yaman eng qashshoq arab mamlakatlaridan biri hisoblanar edi. U yerdagi ishsizlik darajasi 2014 yilda 40 foizdan yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lgan, 25 million kishi o‘sha paytlardayoq qashshoqlik chegarasida yashagan. 

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, Yamandagi harbiy harakatlar natijasida 7 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan, 30 mingdan ortiq kishi turli darajadagi jarohatlar olgan.

Top