20:36 / 27.05.2016
15384

Dengiz cho‘chqasi hayvonlar orasida eng samarali ovchi deb ataldi

Delfinlarning qarindoshlaridan biri bo‘lgan dengiz cho‘chqasi (Phocoena phocoena) hayvonlar orasida eng samarali ovchi ekanligi aniqlandi, deb xabar bermoqda Current Biology jurnali. Bu dengiz sut emizuvchilari bir daqiqada 9 ta baliq tutishga qodir ekan.

Daniyaning Orxuss universiteti olimasi Danuta Visnevska va uning hamkasblari beshta yovvoyi dengiz cho‘chqasi tanasiga kichik kompyuterlar o‘rnatishdi.

Exolokatsiya (dengiz cho‘chqalari o‘z o‘ljasini topib, uni taniydigan shiqildoq ovoz) tovushlarining tahlili dengiz cho‘chqalari baliqni qanday ko‘p tutishi va o‘ljasi ortidan sakrashlari qanchalik muvaffaqiyatli bo‘lishini aniqlashga imkon berdi. 

Aniqlanishicha, dengiz cho‘chqalari baliqni kunduzi va kechasi soatiga 550 tagacha va ko‘pincha minutiga 10 tadan tutar ekan. Ovning muvaffaqiyati 95 foizgacha yetgan, bu esa dengiz cho‘chqalarini jonzotlar orasida eng samarali ovchilardan biri qiladi. O‘ljani bunchalik jadallik bilan qidirish sut emizuvchilar sovuq suvda yashashi va shuning uchun o‘z hayot tarzlarini qo‘llab-quvvatlab turish uchun deyarli to‘xtovsiz yeyishlariga to‘g‘ri kelishi bilan bog‘liq. 

Olimlar dengiz cho‘chqalarini "suv yerqazarlari" deb atashdi, chunki yerqazarlar o‘zlaridan ikki barobar og‘irroq oziqa yeydilar va exolokatsiyadan foydalanadilar. Dengiz cho‘chqalari ov qiladigan baliqlar baliqchilik sanoatini jalb etish uchun juda kichik o‘lchamga ega (5 sm gacha). Biroq odamlar bu jonzotlarning hayotiga xavf solmoqdalar: kema dvigatellari, suv osti kemalari sonarlari shovqini va shunga o‘xshash tovushlar exolokatsiyani murakkablashtiradi.

Top