11:17 / 28.05.2016
5199

Yoshlik va go‘zallik bayrami

Universiadani yoshlik va go‘zallik bayrami, deya ta'riflashlari bejiz emas.

Ayni kunlarda go‘zal Farg‘ona shahrida davom etayotgan “Universiada – 2016” musobaqalari Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti talaba-yoshlari hayotida ham unutilmas voqea bo‘lib qoladi.

Respublikamiz oliy ta'lim muassasalari talabalarining "Universiada" sport musobaqalari avvalo yoshlarning nafaqat jismonan sog‘lom bo‘lishiga, balki, ma'naviy yetuk bo‘lib kamol topishiga ham xizmat qiladi. Ertaga yurtimiz taraqqiyotini yanada yuksakroq darajalarga olib chiqadigan kadrlar ham mana shu avloddir. Mamlakatimiz miqyosida o‘tkaziladigan bu anjuman yigit-qizlarimiz qalblarida nafaqat o‘chmas qoldiradi, balki, ularni yanada jipslashtirib, ma'nan yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishlariga ham xizmat qiladi. Shunday ekan, "Universiada – 2016" mash'alasi barcha yoshlarimiz qalbida porlasin va u abadul-abad sportchilar mamlakatiga aylanib qolayotgan O‘zbekiston zaminini munavvar aylayversin.

Yurtboshimiz Islom Karimovning “Universiada – 2016” sport o‘yinlari ishtirokchilariga” yo‘llagan tabrigida, Universiada bellashuvlari Vatanimiz mustaqilligining qutlug‘ 25 yillik bayrami arafasida bo‘lib o‘tayotgani unga chuqur mazmun va ko‘tarinki ruh bag‘ishlayotgani alohida ta'kidlandi. Darhaqiqat, bu anjuman o‘zining bayramona ruhi ila barchamizga yanada ko‘tarinki ruh baxshida etmoqda.

Aytish joizki, talaba yoshlarimiz anjumanini nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo ahli hozirjavoblik bilan kuzatib borishi shubhasiz. Juda qiziqarli va hayajonlarga boy bo‘ladigan sport musobaqalarini hozirjavoblik bilan ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borilayotgani ayni muddaodir.

Bugunning yoshlari ozod va obod yurtning baxtiyor yigit-qizlari. Ular so‘nggi o‘n-o‘n besh yilda sportda erishgan g‘alabalari nafaqat ko‘ksimizga g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi, balki dunyodagi ko‘plab mamlakatlar xalqlarining ham havasini keltirayotgan bo‘lsa ajabmas! Mamlakatimizda joriy qilingan “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va “Unversiada” deb nomlangan uch bosqichli sport musobaqalari millionlab yoshlarning qalbida sportga mehr va qiziqishni uyg‘otmoqda, o‘z navbatida ular qalbida ona Vatanga muhabbat hamda sadoqat tuyg‘ularini jo‘sh urdirmoqda.

Yurtimiz dovrug‘ini dunyoga taratayotgan sportchilarimiz avvalo oddiy maktablarda, so‘ng oliy o‘quv yurtlarida tahsil olish bilan bir qatorda sport bilan ham muntazam shug‘ullanib kelganlar. Bunda avvalo har bir oliy o‘quv yurtida talabalarning sport bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar muhim o‘rin tutganini izohlashga hojat yo‘q. So‘nggi yillarda poytaxtimiz husniga husn qo‘shib kelayotgan “Yoshlik” talabalar shaharchasida qanchalik ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani barchaga yaxshi ma'lum. Ayni paytda shaharchamizni ramziy ma'noda – sportchilar shaharchasi, desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi. So‘nggi yillarda bunyod etilgan katta futbol maydoni, zamonaviy "Suv sporti saroyi", qishki sport o‘yinlari majmuasi, shuningdek, sifatli ta'mirdan chiqarilib, to‘liq jihozlantirilgan oltita sport maydoni shaharchamizni chindan-da sportchilar maskaniga aylantirgan. Shu o‘rinda aytish joizki, sport majmusini tashkil etgan qator inshootlarimiz va maydonlarimiz bamisoli yam-yashil o‘rmon orasida joylashgandek. Bir necha yildan buyon bu yerda katta hajmda ko‘kalamzorlashtirish hamda obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Minglab tup manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi, ayniqsa, qishin-yozin ko‘m-ko‘k yashnab turadigan archalar parvarishiga mudom e'tibor berilmoqda. Keng maydon, hiyobonlar, yo‘llar va yo‘laklar tamomila o‘zgacha tus olgan. Yosh sportchilarimiz bejirim turar-joylardan to sport maydonlariga yetib kelgunlariga qadam fusunkor tabiat og‘ushida bahri-dillari ochiladi.

Epchil va chaqqon talabalarimizning o‘z maydonlarida sport musobaqalariga tayyorgarliklari shunga yarasha bo‘lganini ortiqcha izohlashga hojat yo‘q. Toshkent shahridagi boshqa oliy o‘quv yurtlarining sportchi talabalari ham "Universiada – 2016" sport musobaqalariga tayyorgarliklariga puxta hozirlik ko‘rishgan. Bugun ular bir jamoaga birlashib, poytaxt shahrimiz nomini yanada yuksaklarga ko‘tarish uchun maydonga tushganlar. Milliy universitetimiz talabalari uchun yanada muhimrog‘i yuzlab tengdoshlari bilan do‘stlik rishtalarini mustahkamlab keladilar. Bu do‘stlik to abad ilmiy, ijodiy hamkorliklarga aylanib ketishi shubhasizdir!

Iftixor tuyg‘usi har bir yigit-qizni chinakam kamolga yetkazadi. Bugun ana shu baxtiyor yoshlarning chehralariga boqib, dildagi tuyg‘ular she'riy satrlarga ulanib ketdi:

Universiada mash'alasini,

Alpomish avlodi ko‘tarar mag‘rur.

Uning atrofida baxtiyor yoshlar,

Bellashar, kurashar, dillarda g‘urur.

Borliqni munavvar aylaguvchi nur,

Bugun Farg‘onada butkul porlaydi.

Jonajon yurtimdan taralgan ziyo,

Baxtiyor yoshlarni nurga chorlaydi!

Aslida o‘zbekning mash'allari ko‘p,

Jumlai jahonni hayratga solgan.

Pahlavon yigitlar oltin kamari,

Vatanim faxriga aylanib qolgan!

Rustam Qosimjonov shaxmat tojini,

Boshiga kiyganda baxt qushin ko‘rdik.

Nafisa Mo‘minova faxrimiz bu kun,

Sizlarlar-la g‘alaba gashtini surdik.

Dunyoga dovrug‘in solgan polvonlar,

Izingizdan borar o‘tyurak yoshlar.

Universiada g‘oliblarini,

Yuksak cho‘qqilarga omadi boshlar!

Imkoniyatlarning mamlakati, deb

Dunyo tan bermoqda O‘zbekistonga!

Bugun shu maydonda g‘olib bo‘lganlar,

Erta dovruq solsin butun jahonga!

To‘lqin EShBeK,

Mirzo Ulug‘bek nomidagi

O‘zbekiston Milliy universiteti

Axborot xizmati rahbari

Top