15:05 / 28.05.2016
3508

Fransiyalik yo‘lovchilar nosozlik tufayli tunni vagonlarda o‘tkazdi

Parij-Bordo temir yo‘li yo‘nalishida qatnayotgan poyezdlarning 7 mingga yaqin yo‘lovchisi, kompyuter tarmog‘ida yuz bergan nosozlik sabab, 27 maydan 28 mayga o‘tar kechasini poyezd vagonlari yoki temir yo‘l bekatlarida o‘tkazishga majbur bo‘lishdi. 

"Strelka qurilmasining signalizatsiyasi ishdan chiqishi, poyezdlarning mazkur hududdan o‘tishiga to‘sqinlik qilgan. Bu nosozlik, mamlakat temir yo‘llari tarixida noyob hodisadir", — deya temir yo‘l boshqarmasi xodimi Filipp Moli so‘zlaridan iqtibos keltiradi BFM TV telekanali. 

Natijada, 3ta tezyurar poyezdi reysi bekor qilingan, yana 13tasi bekatlar yoki yo‘llarda harakat boshlanishini kutishga majbur bo‘lgan. 

Shanba kuni ertalab, harakatlar qayta yo‘lga qo‘yilgan, yo‘lovchilarga safarlarini davom ettirish yoki chipta narxida tovon puli olish taklif etilgan.

Top