12:49 / 28.05.2016
17765

O‘nlab kishi tomonidan tajovuz qilingan qiz videosi braziliyaliklarning qahr-g‘azabini uyg‘otdi

Braziliya politsiyasi 16 yoshli qizga jinsiy tajovuz qilib, uning videosi va suratlarini ijtimoiy tarmoqqa joylashtirishda gumon qilinayotgan kamida 30 kishini qidirmoqda. Bu voqea, mamlakat jamoatchiligida keng aks-sado berdi, deb xabar qilmoqda CNN telekanali. 

Zo‘ravonlar qizning suratlari va videosini Twitter tarmog‘iga joylashtirishgan. Hodisa Rio de Janeyro xarobalarida sodir bo‘lgan. 

Politsiyaning 27 may kuni o‘tkazgan matbuot anjumanida ma'lum qilishicha, huquq posbonlari, videodagi 4 kishining shaxsini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan. 

Politsiya mahkamasi hozircha, surishtiruv ishlari davom etayotgani tufayli, gumondorlarga murojaat qilmagan. Xabarlarga ko‘ra, ular nafaqat guruh bo‘lib jinsiy zo‘ravonlikni amalga oshirishda, balki Braziliya internet qonunlarini buzganlikda ayblanmoqda. 

Mamlakatning muvaqqat prezidenti Mishel Temer ushbu hodisani qoralab, Braziliyaning barcha shtatlari xavfsizlik rahbarlarining favqulodda yig‘ilish o‘tkazishga buyruq bergan. 

Politsiyaning ma'lum qilishicha, qiz yigitining uyiga ketayotgani va kelasi kuni boshqa bir uyda 30dan ortiq o‘qotar qurollar bilan qurollangan erkaklar orasida uyg‘onganini tasdiqlagan.

Top