21:06 / 30.05.2016
5631

Moskva yaqinida yana bir xalqaro aeroport ochildi

Rossiya federatsiyasi bosh vaziri Dmitriy Medvedev Moskva shahri atrofidagi Ramensk tumani hududida «Jukovskiy» nomli xalqaro aeroportning ochilish marosimida ishtirok etdi.

Bu Rossiya poytaxti hududidagi to‘rtinchi xalqaro aeroport bo‘ldi. «Interfaks» axborot agentligi xabariga ko‘ra, bu aeroportdan Qozog‘istonning Scat va Qirg‘izistonning Air Kyrgyzstan aviakompaniyalari foydalanishi bo‘yicha kelishuv imzolangan.

Xabar qilinishicha, aeroport Rossiyaning «Skay Geyts Eyrlayns» va «Aviastar-TU» aviakompaniyalariga ham xizmat ko‘rsatadi. Bu aviakomapaniyalar samolyotlari yuk tashish reyslarini amalga oshiradi.

«Jukovskiy» aeroporti 2014 yilda xalqaro standart bo‘yicha kengaytirilishi boshlangandi. Uning yo‘lovchilar uchun terminali 17 km kv hududni egallagan. Keyingi 5 yil davomida aeroport 10 mlrd rubl miqdorida investitsiyani o‘zlashtirishi rejalashtirilgan.

«Jukovskiy» aeroportiga qadar temir yo‘l 2018 yilga qadar qurib bitkazish rejalashtirilgan. Unga qadar yo‘lovchilarni maxsus shattl-avtobuslar tashiydi. Avtobuslar Moskvaning «Kotelniki» metro bekatidan qatnaydi.

Rossiya Transport Qo‘mitasi eksperti Roman Gusarovning fikriga ko‘ra, aeroport va unga kerakli infratuzilmalar qurilishi juda ildamlik bilan olib boriladi, chunki yangi aeroportda yo‘lovchilar oqimi juda katta bo‘lishi kutilmoqda.

Ekspertning fikriga ko‘ra, Moskvaning boshqa o‘ta gavjum aeroportlariga qaraganda, «Jukovskiy» avikompaniyalarga juda qulay joylashish sharoitlari va xizmat ko‘rsatishga arzon narxlar taklif qilishi mumkin.

Hozircha yangi aeroport yo‘lovchilar orasida ommaviyligi bo‘yicha Domodedovo va Sheremetevo aeroportlari bilan bellasha olmaydi, chunki aeroportga borish anchagina noqulay. Aeroport shahar chegarasidan 28 km masofada joylashgan bo‘lsada, unga olib boruvchi avtomobil yo‘llari doimo tirband, «Aeroekspress» tezyurar poyezdi  esa 2018 yilda ishga tushadi.

«Jukovskiy» – oldingi eksperimental va ko‘rgazmalar o‘tkaziladigan aerodrom edi. Xalqaro MAKS aviako‘rgazmasi ham aynan shu yerda o‘tkaziladi. Aeroport egasi — «Ramport Aero» kompaniyasi. Yo‘lovchi terminalining maydoni 17,6 gektarni tashkil qiladi. Aeroport qurilishining birinchi bosqichiga kiritilgan investitsiyalar hajmi 1,8 milliard rublni tashkil qildi.

Dastavval aeroport arzon chiptalar sotuvchi aviakompaniyalar — loukosterlar uchun mo‘ljallangan edi, lekin ayni damda Rossiyada yagona loukoster bo‘lgan «Pobeda» aviakompaniyasi «Vnukovo» aeroportini tark etish istagini bildirgani yo‘q.

Top