03:17 / 31.05.2016
12241

AQSh dunyodagi eng raqobatbardosh iqtisodiyot degan maqomdan mahrum bo‘ldi

AQSh iqtisodiyoti eng raqobatbardosh bo‘lmay qoldi. Bundan Shveytsariyaning IMD instituti reytingi darak bermoqda. Reytingning yangi versiyasiga ko‘ra, AQSh bu borada 1-o‘rindan 3-o‘ringa tushib ketdi, yetakchi esa AQShning uch yildan beri yetakchiligi vaqtida 2-o‘rinni egallab kelayotgan Gonkong bo‘ldi.

2-o‘rinni Shveytsariya, 4-o‘rinni Singapur, 5-o‘rinni esa 9-o‘rindan ko‘tarilib olgan Shvetsiya egalladi. Yuqori o‘ntalikdan, shuningdek, Daniya (o‘tgan yili 8-o‘rin), Irlandiya (16-o‘rin), Niderlandiya (15-o‘rin), Norvegiya (7-o‘rin) va Kanada (5-o‘rin) o‘rin egalladi.

IMD jahon raqobatbardoshligi markazi rahbari Arturo Bris reyting natijalariga izoh berib, mualliflar Gonkongning tadbirkorlik uchun maksimal qulay muhitni qo‘llab-quvvatlashga intilishini ijobiy baholaganlarini, Shveytsariya iqtisodiyoti sifatga e'tibor qaratishi, AQSh esa hamon o‘zining dunyodagi eng yaxshi ko‘rsatkichlari bilan faxrlana olishini ta'kidlab o‘tdi.

"Biroq biz raqobatbardoshlik reytinglarini tuzishda ko‘p omilli tahlil tizimidan foydalanamiz. Yetakchi 20 ta davlatda umumiy jihat – bu tadbirkorlikka yon bosuvchi qonunchilikning mavjudligi, infratuzilmaning yuqori darajasi va yo‘lga qo‘yilgan institutlardir", deb ta'kidlab o‘tdi Bris. 

Rossiya yangi reytingda bir pog‘onaga ko‘tarilib, 44-o‘rinni, Qozog‘iston esa 13 ta pozitsiyaga tushib ketib, 47-o‘rinni egalladi. 60 ta davlat kiritilgan ushbu ro‘yxatning oxirgi pog‘onasini neft narxi pasayishidan eng ko‘p aziyat chekkan Venesuela egalladi.

Top