18:04 / 31.05.2016
19179

Sport va varikoz: Oyoq venalariga og‘irlik tushishning oldini olamiz

Zamonaviy tibbiyot statistikasi ma'lumotlariga ko‘ra, katta yoshli kishilarning 60 foizi surunkali venoz yetishmovchiligidan aziyat chekadi - demak, ularning har birida varikoz kasalligi avj olishi mumkin.

Sog‘lom turmush tarzi ommalashgan bugungi kunda trenajyer zallari hamda fitness-markazlarga qatnash urf bo‘lib bormoqda. Qanday qilib oyoq venalariga shikast yetkazmasdan jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish mumkin?

Umumiy qoida
Trenajyer zaliga yo‘l olar ekansiz, sportning deyarli har bir turi oyoqlarga yaxshigina og‘irlik tushirishini yodda tuting. Oyoq sohasidagi venoz bosimining oshib ketishi hamda varikoz avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun mashqlar sinovdan o‘tgan bo‘lishi, shuningdek ular muntazam va me'yorida olib borilishi lozim. 

Zararli
Tik turib bajariladigan har qanday mashqlar - o‘tirib-turish, gantellar, shtangalar va girilar bilan mashq qilish kabi harakatlar oyoq venalari uchun juda zararlidir. Agar insonda varikoz kasalligiga moyillik bo‘lsa, bularning barchasi taqiqlanadi. Shuningdek oyoq venasi shikastlangan kishilarning step-aerobika, uzoqlikka va balandlikka sakrash yoki tez yugurish bilan shug‘ullanishlari ham tavsiya etilmaydi. 

Foydali
Agar siz varikoz rivojlanish xavfi bo‘lgan kishilar toifasiga kirsangiz, u holda sport zalidagi har qanday mashqni o‘tirib yoki yotgan holatda bajarishingiz maqsadga muvofiq. 

Sog‘liqqa zarar yetkazmay, kayfiyatni ko‘taruvchi, shuningdek, qomatni va imidjni yaxshilovchi sport turlariga quyidagilar kiradi:
Suzish  va akva-aerobika. Suvda mashq qilish inson uchun juda foydali. Suv bo‘g‘imlarni bo‘shatadi, qon tomir va venalar faoliyati va qon tarkibini yaxshilaydi, charchoqni oladi, tetiklashtiradi. Suzish almashinuv jarayonlarini kuchaytiradi, qon aylanishini yengillashtiradi hamda limfotokni normallashtiradi. 

Yayov yurish. O‘rta tempda 30-40 daqiqa yayov yurish gipodinamiyadan uzoqlashish imkonini beradi. Gipodinamiya bo‘lmagan joyda esa varikoz kasalligiga o‘rin yo‘q. 

Velosipedda harakatlanish. Velosipedda sayr qilish yoki velotrenajyerda mashq qilish ham varikozning oldini olishga yordam beradi. 

Yoga. U bilan shug‘ullangan kishilar organizmida moddalar almashinuvi jarayoni faollashadi, bo‘g‘imlar harakati yaxshilanadi hamda qon tomirlarining, shu jumladan, oyoq venalarining elastikligi ortadi. 

Diqqat! Jismoniy mashqlar bilan shug‘ulanayotganda suv ichish juda muhim ahamiyatga ega, chunki intensiv mashqlar davomida organizm suyuqlik yo‘qotadi, qon quyuqlashadi.

Top