22:37 / 31.05.2016
28635

Erkin Vohidov vafoti munosabati bilan O‘zbekiston rahbariyati ta'ziya bildirdi

Shoir Erkin Vohidovning vafoti munosabati bilan O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov, Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev, Qonunchilik Palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov, O‘zbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, Yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Ali hamda shoirlar Abdulla Oripov va Iqboljon Mirzaaliyev ta'ziya bildirdi. Ta'ziyanoma O‘zA tomonidan nashr etilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Qahramoni, atoqli shoir va adib Erkin Vohidov 30 may kuni 79 yoshida vafot etdi.

Shoir bugun peshinda Toshkent shahridagi "Chig‘atoy" qabristoniga dafn etilgan.

«U o‘zining ijodiy va mehnat faoliyatini yoshlar nashriyotida kichik muharrir sifatida boshladi. Keyinchalik mamlakatimizning nufuzli nashriyotlarida muharrir, bosh muharrir, shuningdek, ‘Yoshlik’ jurnalining bosh muharriri, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyoti direktori kabi vazifalarda samarali mehnat qildi», — deyiladi ta'ziyanomada.

Shuningdek, Erkin Vohidovning betakror ijodi milliy ruhi va xalqchilligi, hayotiyligi bilan o‘zbek adabiyoti xazinasidan munosib o‘rin egallagani alohida qayd qilib o‘tildi.

«Atoqli shoir yarim asrdan ziyod ijodiy faoliyati davomida “Tong nafasi”, “Qo‘shig‘im sizga”, “Aql va yurak”, “Mening yulduzim”, “Yoshlik devoni”, “Tirik sayyoralar”, “Sharqiy qirg‘oq”, “Kelajakka maktub” kabi she'riy to‘plamlari, “Nido”, “Quyosh maskani”, “Ruhlar isyoni”, “Ko‘hinur” kabi dostonlari, “Oltin devor”, “Istanbul fojiasi” singari sahna asarlari, “So‘z latofati” badiiy risolasi, jahon adabiyotining Hofiz Sheroziy, Mirzo Bedil, Gyote, Sergey Yesenin kabi mumtoz namoyandalari merosidan qilgan tarjimalari bilan o‘ziga xos ijodiy maktab yaratdi. Uning turli janrdagi o‘nlab asarlari dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilindi. », — deb ta'kidlanadi ta'ziyanomada.

Erkin Vohidov 1990–1995 yillarda O‘zbekiston Oliy Kengashi qo‘mitasi raisi, 1995–2005 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi, 2005–2009 yillarda Oliy Majlis Senatining Fan, ta'lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi kabi mas'ul lavozimlarda samarali faoliyat olib bordi.

«Atoqli shoir, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Erkin Vohidovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi», — deb xulosa qiladi ta'ziya bildiruvchilar.

Top