12:19 / 31.05.2016
14747

O‘zbekiston terma jamoasining Ekvator Gvineyasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yini bekor qilindi

2 iyunga belgilangan O‘zbekiston - Ekvator Gvineyaci xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi bekor qilindi. Bu tashabbus Ekvator Gvineyasi futbol federatsiyasi tomonidan bildirilgan.

Ekvator Gvineyasi futbol federatsiyasi bosh kotibi Tadeo Nsuye Onva imzolagan xatda aytilishicha, Afrika Konfederatsiyasining yo‘rig‘iga ko‘ra Afrika Millatlar Kubogining saralashi doirasida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan Ekvator Gvineyasi-Benin o‘yini 3 iyun kuni o‘tkazilishi mumkin. Shu sababli Ekvator Gvineyasi O‘zbekiston terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazish uchun Toshkentga kela olmasligini ma'lum qilgan.

«Biz O‘zbekiston Futbol Federatsiyasidan uzr so‘raymiz va ushbu o‘yinning yaqin vaqt ichida o‘tkazilishiga umid qilib qolamiz», - deb yakunlanadi Ekvator Gvineyasi futbol federatsiyasi bosh kotibining maktubi.

O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi O‘zbekiston-Ekvator Gvineyasi uchrashuviga sotilgan chiptalarni qaytarib olish mas'uliyatini o‘z bo‘yniga oladi.

Mazkur o‘yin uchun 28 may kuni chiptalar sotilishi boshlangan, chiptalar narxi barcha kategoriyalar uchun 15 ming so‘m, CIP kategoriya uchun esa 30 ming so‘m qilib belgilangandi.

Qayd etish joiz, 13 may kuni O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati 2 iyun kuni Toshkentdagi «Bunyodkor» stadionida O‘zbekiston milliy termasi Qirg‘izistonga qarshi maydonga tushishini xabar qilgandi. Ammo 21 may kuni O‘FF matbuot xizmati bu uchrashuv bekor qilinganini xabar berdi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi 4 iyun kuni Avstriyaga yig‘in o‘tkazish uchun jo‘nab ketishi rejalashtirilgan. 

7 iyun kuni Kanada milliy terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi belgilangan. Hozircha bu uchrashuv bekor qilinishi ehtimoli haqida xabarlar yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi JCh–2018 turniri 3-saralash bosqichidagi ilk uchrashuvini shu yilning 1 sentabr kuni Toshkentda Suriya terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.

Top