14:07 / 03.06.2016
3108

Hindiston shimolida yuz bergan tartibsizliklar natijasida 20dan ortiq kishi halok bo‘ldi

Hindiston poytaxtidan 150 km uzoqda joylashgan Matxura shahrida sektantlar tomonidan amalga oshirilgan ommaviy tartibsizliklar natijasida kamida 21 kishi qurbon bo‘lgan, 100dan ortiq inson turli darajada tan jarohati olgan, deb xabar qilmoqda Uttar-Pradesh shtati politsiya mahkamasi. 

Huquq posbonlari ma'lumotlariga ko‘ra, politsiyachilar "Jay Gurudev" sektasining 3000 nafar agressiv kayfiyatdagi a'zolari bilan 2 iyun kechqurun shaharning Javahar Bog‘ida to‘qnash kelgan. 

Sektantlar 3 yil muqaddam parkning 100 gektardan ortiq yerini noqonuniy egallab olishgan edi. Ular o‘tgan muddat mobaynida prezident va bosh vazir iste'fosidan tortib, benzin va yoqilg‘i narxini arzonlashtirish kabi turli xil talablar bilan hudud nazoratini saqlab turishgan edi. 

Tartibni saqlash xodimlari hududni zudlik bilan bo‘shatish to‘g‘risidagi sud qarori ijrosini ta'minlash uchun kelishganida to‘qnashuvlar yuz bergan. 

Politsiyachilar tayoqlar, tosh va hatto o‘qotar qurollar bilan qurollangan olomonga duch kelgan. 

Shtat politsiyasi rahbari Javod Ahmadning so‘zlariga ko‘ra, dastlab uning xodimlari sektantlar bosimini elektrshoker va yosh oqizuvchi gaz yordamida qaytarib turishgan. 

"Ammo, xodimlardan biri boshidan otib o‘ldirilgach, yana biri toshbo‘ron qilingach, politsiyaga ham o‘q uzishga ruxsat berilgan. Oqibatda 19 nafar dindor faol o‘ldirildi", - deb bayonot bergan Ahmad. 

Uning aytishicha, 100dan ortiq jabrlanganlardan kamida 20 nafari politsiyachilardir.

Top