16:12 / 05.06.2016
4343

Liviya YeI tomonidan deport qilingan qochqinlarni qabul qilmasligini bildirdi

Liviya bosh vaziri mamlakat Turkiya kabi muhojirlarni qayta qabul qilmasligini ma'lum qildi.

Liviya milliy kelishuv hukumati rahbari Faiz Sarajning ma'lum qilishicha, mamlakat hududiga YeI tomonidan ortga qaytarib yuborilgan afrikalik qochqinlar kiritilmaydi.

Joriy yilning mart oyida Yevropa Ittifoqi va Turkiya muhojirlik inqirozi bilan kurashish bo‘yicha hamkorlik rejasini muvofiqlashtirgan edi, unda Turkiya hududi orqali Gretsiyaga noqonuniy yo‘llar bilan kelgan barcha muhojirlar Turkiyaga qaytarilishi hamda u yerdagi suriyalik qonuniy muhojirlar Yevroittifoq tomonidan "birga bir" tamoyili bo‘yicha qabul qilinishi ko‘zda tutilgan edi.

"Biz (Liviya) Yevropa Ittifoqi muhojirlarini qayta qabul qilishga rozi bo‘lmaymiz. Yevropa ularni o‘z vataniga qaytarish yo‘lini topishi kerak. Ular biz bilan yashay olmaydi. Mamlakatimizga janubdan kelayotgan muhojirlar bilan vaziyat mutlaqo Turkiyadagidek emas", - dedi As-Saraj Germaniyaning Welt gazetasiga bergan intervyusida.

1 iyun kuni Liviya qirg‘oqlarida 100dan ortiq yo‘lovchisi bilan ag‘darilib ketgan qayiq vaziyatiga izoh berar ekan, u sohil bo‘yida sayyohlik va savdoning o‘rniga qochoqlarni noqonuniy yo‘l bilan tashish yo‘lga qo‘yilganligidan afsusdaligini bildirdi.

Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, muhojirlar oqimi ko‘payishi muammosiga hattoki bombardimon qilib ham barham berib bo‘lmaydi.

"Muammoning yechimini muhojirlar kelayotgan mamlakatlardan qidirish kerak. Ularga siyosiy va iqtisodiy barqarorlik hamda rivojlanishga imkon yaratish lozim", - dedi u hamda bu muammo taalluqli bo‘lgan barcha tomonlar uchun yagona qarash ishlab chiqish kerakligini qo‘shimcha qildi. 

Yevropa Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng jiddiy muhojirlik inqirozini boshdan kechirmoqda. YeS Frontex agentligi bergan ma'lumotlarga qaraganda 2015 yilda Yevroittifoqqa 1,8 million muhojir kelgan. Muhojirlar bo‘yicha xalqaro tashkilot ma'lumotlariga ko‘ra, yilning boshidan beri Yevropaga 194,6 ming kishi kelgan, ulardan 1,5 ming nafari halok bo‘lganlar va yo‘qolganlar qatorida qayd etilgan.

Liviyadagi fuqarolar urushidan keyin Yevropaga bu mamlakatdan o‘tgan yili 150 ming kishi ketgan.

"Bolqon yo‘li" to‘sib qo‘yilgach, Afrika va Yaqin Sharqning bir qator mamlakatlaridan chiqqan qochqinlar Liviyaga kelib, bu yerdan O‘rta Yer dengizi orqali Yevropaga o‘tishni boshlagan.

Turli ma'lumotlarga ko‘ra, Liviyada ayni vaqtda 1 million nafardan ortiq muhojirlar va qochqinlar mavjud.

Top