18:07 / 06.06.2016
14203

Muqimiy ko‘chasi: o‘zgarayotgan, svetaforsiz, o‘z holicha qolgan yo‘l...

Bugun poytaxt ko‘chalaridagi qurilish va qayta ta'mirlash ishlari davom etmoqda. Mavjud ta'mirtalab yo‘llar tekislanib, boshqa biri esa kengaytirilmoqda. Bularning bari, albatta, toshkentliklar va shahar mehmonlari uchun qulaylik yaratish maqsadida, qolaversa, shahar infratuzilmasini zamonaviylashtirish niyatida malga oshirilayotgan ezgu ishlardir. Sababi ertaga foydalanishga topshiriladigan bu yo‘llar, bir kun kelib har bir odamning uzog‘ini yaqin qilishga, kayfiyatini ko‘tarishga, xalqning bunyodkorligidan faxrlanishiga sababchi bo‘ladi.

Ammo ana shu qurilishlar bahonasida yuzaga kelayotgan ayrim noqulayliklar, noqulaylik bo‘lganda ham inson hayotiga ziyon yetkazish xavfini tug‘dirayotgan vaziyatlar kishi ko‘nglini biroz xira qiladi.

Gapimiz isboti tariqasida quyidagi holatni keltiramiz. “Feysbuk” ijtimoiy tarmog‘ining “Voditeli Tashkenta” guruhi foydalanuvchilaridan biri Chilonzor tumanidagi Muqimiy ko‘chasida borayotgan qurilishlar haqida gapirib o‘tgan.

“Sporttovar”da bunday megatirbandlikning yuzaga kelishi birinchi kun emas. Na svetafor bor, na YPH xodimi”, degan Maksim Fidosin degan foydalanuvchi.
U gapining isboti tariqasida mashinasida olingan videorolikni ilova qilgan. Unda Muqimiy ko‘chasida ketayotgan qizg‘in qurilish ishlari va shu bilan birga yuzaga kelgan katta tirbandlikka guvoh bo‘lish mumkin. 

Shu o‘rinda alohida ta'kidlash kerakki, foydalanuvchi aytib o‘tganidek, ushbu tirbandlikni nazorat qilish uchun bu yerda na yo‘l chirog‘i va na YPH xodimi ko‘ringan.
Foydalanuvchi aytib o‘tgan joy Muqimiy ko‘chasi va Qatortol ko‘chalarining kesishmasidir. Guvohlarning so‘zlariga quloq solinadigan bo‘lsa, ushbu ko‘chada qurilish ishlari boshlangandan beri, aynan shu yerdagi yo‘l chirog‘i olib tashlangan. Natijada avtomobillar harakatining cheklanishiga, qolaversa, yo‘lovchilar harakatida ham keskinlik keltirib chiqarishga sababchi bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, ko‘cha yoqasida joylashgan 173-umumta'lim o‘rta maktabi qarshisida ham yo‘l chirog‘ining yoki piyodalar o‘tish yo‘lakchasining yo‘qligi, ertaga imtihonlarga va maktabdagi to‘garaklarga qatnovchi o‘quvchilarning ko‘chadan o‘tib olish borasidagi harkatlarini xavf ostiga qo‘yadi.

Aytmoqchi bo‘lganimiz, bo‘layotgan bunyodkorlik ishlarini yoxud yo‘llardagi ayrim holatlarni tanqid ostiga olish emas. Shunchaki, mutasaddi tashkilotlar mazkur vaziyatlar, holatlar yuzasidan yanada mas'uliyatliroq bo‘lishsa, yanada yaxshi bo‘lardi, degan fikrni yetkazishdir. Zero, ertaga biror-bir falokatning yomon oqibatini hal etib, es ketguncha, uni hoziroq oldini olgan ma'qul.

 

Top