11:46 / 06.06.2016
7996

OAV: Aqto‘beda navbatdagi otishma ro‘y berib, tumanlardan biri o‘rab olindi

Qozog‘istonning Aqto‘be shahridagi tumanlardan biri "Nur Siti"da otishma ro‘y bergan va hudud maxsus xizmatlar kuchlari tomonidan o‘rab olingan. Bu haqda Tengrinews.kz xabar tarqatdi.

"Mahalliy aholi bergan ma'lumotlarga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 06:00da tumanda otishma ovozlari eshitilgan. Ayni vaqtda hududda vertolyot orqali kuzatuv ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Shahardagi yo‘llarda barcha avtomobillar tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Jinoiy guruh vakillari yashiringani gumon qilingan tumanning qurilish ishlari olib borilayotgan hududi o‘rab olingan", deyilgan xabarda.

Manba ma'lumotiga ko‘ra, "Nur Siti" tumani davlat dasturi asosida yangi qurilgan tuman hisoblanadi va bu yerda asosan davlat xizmatchilari va o‘qituvchilar istiqomat qilishadi.

Aqto‘be shahri hukumati terrorchilik xavfining «qizil» darajasini (eng yuqori daraja - tahr.) e'lon qilgan.

5 iyun kuni Aqto‘be shahrining uchta tumanida otishma yuz berdi: noma'lum shaxslar «Pallada» va "Pantera" nomli ikkita qurol do‘koni hamda harbiy qismga hujum qildi. Maxsus operatsiyalar chog‘ida 4 jinoyatchi yo‘q qilindi.

Shaharda aksilterror amaliyot tartibi joriy etilgan. Amaliyot davomida guruhning qo‘lga olingan vakillari soni 7 nafarni tashkil qilmoqda. Qolganlarni qidirish ishlari davom etmoqda.

Top