13:28 / 07.06.2016
5537

Dumaloq muhr uchun pul talab qilgan tamagirlar ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi

Jarqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaro (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) X.Shoimov SVOJJDLQK departamentining viloyat boshqarmasi boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, unda tumanning “G‘ur-g‘ur” mahallasida yashovchi fuqaro G‘. Dehqonov jiyani M.O‘rozovning biometrik pasportiga dumaloq muhr bostirib berish uchun Jarqo‘rg‘on tuman IIB xodimi Olmos Seredjyev bilan kelishib, unga berish uchun 150 ming so‘m pul talab qilayotganligini, shuning uchun unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishini so‘radi. Bu haqda “Huquq” gazetasi yozmoqda. 

Mazkur arizaga asosan huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan o‘tkazilgan tezkor tadbirda G‘.Dehqonov Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Shodlik” oshxonasida 150 ming so‘m pullarni X.Shoimov  hamda M.O‘rozovlardan olgan vaqtda ushlandi.
Fuqaro G‘.Dehqonov ushbu pulning 100 ming so‘mini Jarqo‘rg‘on tuman IIB xodimi O.Seredjyevga olib borib berishi lozimligini, qolgani o‘zining xizmat haqi ekanligi, qilgan ishidan pushaymonligini aytib, ushbu pullarni unga olib borib berib, jinoyatni ochishga faol ishtirok etishini bildirdi. Uning arizasiga asosan tezkor tadbir davom ettirilib, Jarqo‘rg‘on tumani IIB binosi oldida O.Seredjyev tamagirlik yo‘li bilan G‘.Dehqonovdan 100 ming so‘m pul hamda M.O‘rozovning fuqarolik pasportini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. 

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksinning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sud hukmi bilan sudlanuvchilarga jazo muqarrarligi ta'minlandi.

Top