13:50 / 07.06.2016
13821

Shoh Jahon Jo‘rayev Ramazon oyidan ilhomlanib, yangi qo‘shiq yaratdi

Ramazon oyi ko‘plab ijodkorlarga yangi mavzu va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlamoqda. Shoiru yozuvchilarimiz muborak oy munosabati bilan ezgulikni targ‘ib qiluvchi she'rlar, hikoyalar yozayotgan bo‘lsa, mohir musavvirlarimiz turli rangdagi bo‘yoqlarda mehr-oqibat, halollik, poklik haqidagi tuyg‘ularini ifodalayapti, fotograflarimiz ro‘za odoblari bilan bog‘liq lahzalarni kadrlarga muhrlamoqda.

Shu qatorda, iste'dodli xonanda Shoh Jahon Jo‘rayev ham Ramazon oyidan ilhomlanib, yangi qo‘shiq yaratdi. Buyuk ajdodimiz, tasavvufning mashhur namoyandalaridan biri, shoir Xoja Ahmad Yassaviy (Yassi yaqinidagi Sayram shahri, taxminan 11-asrning 2-yarmi tug‘ilgan va 1166 yilda vafot etgan) qalamiga mansub «Muhammad (s.a.v)» g‘azalini kuyga solib, ijro etdi.

— Yurtimizda to‘rt fasl o‘z o‘rnida keladi, — deydi Shoh Jahon Jo‘rayev. — O‘ylab ko‘rsangiz, odamlarning jazirama issiqda ham, qahraton sovuqda ham ma'naviy va moddiy istaklarini chegaralab, nafsini tiyib, ro‘za tutishi shunchaki ibodat emas. Balki har qanday sharoitda ham bir-birini qo‘llab-quvvatlashi, o‘zaro mehr-muruvvatli bo‘lishi, hurmat-izzat ko‘rsatishi, pirovardida, ona yurtimiz, mustaqil O‘zbekistonimizning yanada gullab-yashnashi, rivojlanib, chiroy ochishi uchun yakdil bo‘lib mehnat qilish, kuch-qudratimizni, salohiyatimizni safarbar etish, bunga to‘sqinlik qiladigan har qanday illatu balolardan, yomonliklardan tiyilishdek qon-qonimizga singgan qadriyatlar tushuniladi. Demak, buning zamirida yanada ulkan, yanada ulug‘vor ibodat — vatanni sevmoq ibodati bor ekan. Qo‘shiqda biz ulug‘ bobomiz Hazrat Yassaviyning «Hikmat» kitobiga murojaat qilib, ana shu mushtarak maqsadga xizmat qiladigan, qalblarda odamgarchilik, iymon-e'tiqod tuyg‘ularini uyg‘otuvchi dilbar g‘azalini kuyga solib, muxlislar e'tiboriga havola qilmoqdamiz.

Rivoyatlarga ko‘ra, Yassaviy 63ga (payg‘ambarimiz (s.a.v) yoshiga) yetgach, yer ostida hujra yasatib, «chilla»ga kirgan, qolgan umrini toat-ibodat qilib, qimmatli hikmatlar yozib, riyozatlar chekib, yer ostida o‘tkazgan. Bir rivoyatga ko‘ra, u 125 yil, boshqa rivoyatga qaraganda, 133 yil umr ko‘rgan.

Top