16:23 / 07.06.2016
3386

UYeFA Yevropa chempionati arafasida futbolchilardan 1278ta doping-test olgan

UYeFA Yevropa chempionati arafasida terma jamoalarning futbolchilaridan 1278ta doping-test olgan. Bu haqda UYeFAning tibbiyot va antidoping bo‘limi rahbari Mark Vuyamoz ma'lum qilgan.

"UYeFA va milliy doping agentliklari 1278ta doping-test o‘tkazdi. Ulardan 258tasi mart oyidagi terma jamoalar yig‘inlari vaqtida, 1020tasi may-iyun oylaridagi tayyorgarlik vaqtida amalga oshirilgan", degan u.

Bundan tashqari, 2016 yilning 1 yanvaridan UYeFA YeChL va Yevropa Ligasi ishtirokchilari bo‘lgan jamoalarda 874ta doping-test o‘tkazgan.

Vuyamozning aytishicha, UYeFA Yevro-2016 vaqtidagi o‘yinlardan oldin va keyin ham futbolchilarni tekshiruvdan o‘tkazadi.

"51 uchrashuvdan keyin biz har bir jamoadan 2 nafardan futbolchini doping sinovidan o‘tkazamiz. Lekin talab qilinsa, ko‘proq futbolchini tekshirishimiz ham mumkin. Bundan tashqari, futbolchilarni mashg‘ulotlar vaqtida yoki mehmonxonalarda ham tekshirishimiz mumkin", deydi Vuyamoz.

Uning aytishicha, futbolchilar oldindan tanlanmasdan tekshiriladi.

Antidoping dasturi uchun 1 mln yevro ajratilgan.

Top