21:19 / 08.06.2016
5377

«Irkut» Rossiyaning yangi yo‘lovchi samolyoti MS-21ni namoyish etdi 

Rossiyaning Irkutsk shahrida mamlakatning eng yangi aviaishlanmasi - MS-21 yo‘lovchi samolyoti taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Aviazavodda bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda, RF bosh vaziri Dmitriy Medvedev, uning o‘rinbosarlari hamda sanoat va savdo vaziri ham qatnashgan. 

MS-21-300 samolyotini ishlab chiqqan «Irkut» kompaniyasi rahbari Oleg Demchenkoning bayonot berishicha, uning ilk parvozi 2016 yil dekabri – 2017 yil fevral oylarida bo‘lib o‘tadi. 2018 yil oxiriga kelib, milliy sertifikatni olish va yangi havo laynerlarini buyurtmachiga yetkazib berish rejalashtirilgan. 

MS-21-300 yaqin-o‘rtamasofaga parvoz qiluvchi samolyotlar turkumiga kiradi. Uning 300-modelidan tashqari, 165 yo‘lovchiga mo‘ljallangan MS-21-200 rusumi ham bor. MS-21-300 esa, 211 nafar kishini manziliga yetkaza oladi. 

Korporatsiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, MS-21ni yetkazib berish bo‘yicha 175 ta «aniq» va 100ta «ehtimoliy» buyurtma kelib tushgan. «Aeroflot» kompaniyasining o‘zi 50ta shunday samolyot xarid qilish istagini bildirgan.

Top