11:03 / 09.06.2016
17444

10 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni noqonuniy o‘zlashtirgan firibgar bankir O‘zbekistonga qaytarildi

O‘zbekiston Respublikasi huquq-tartibot idoralari mamlakat fuqarosi Shukurillo Qo‘ziyevni qabul qilib olishdi. U respublika Jinoyat Kodeksining 167 moddasi 3 bandi «a, v» xatboshisi (o‘g‘irlik), 205 moddasi 2 bandi «a, b, v» xatboshisi (lavozimini suiiste'mol qilish), 209 moddasi 2 bandi «a, b» xatboshisi (lavozim firibgarligi), 243 moddasi (jinoiy faoliyat orqali topilgan daromadlarni legallashtirish)da ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etgan. 

Respublika huquq-tartibot idoralari ma'lumotlariga ko‘ra, Qo‘ziyev 2005-2007 yillarda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullangan. U uyushgan jinoiy guruh tarkibida jismoniy va yuridik shaxslarning mablag‘larini katta foizlarni va'da qilib, o‘z nazoratidagi bankka jalb etgan. 

Keyinchalik Qo‘ziyev bu mablag‘larni o‘zi tashkil etgan soxta tashkilotlarga kredit taqdim etish vaji bilan o‘tkazgan. So‘ngra o‘sha tashkilotlardagi mablag‘lar naqd pulga aylantirilgan va o‘zlashtirilgan. 

Bu jinoiy harakatdan yetkazilgan zarar 280 mln so‘mni tashkil etgan. 

Bundan tashqari, Qo‘ziyev tashkilotlarning Nizom hujjatlari, bankning qator rasmiy hujjatlarini bir necha marta o‘zgartirgan. 

Shu bilan birga, uyushgan jinoiy guruh tarkibida, soxta moliyaviy amaliyotlar vositasida 9,9 mlrd so‘mni o‘zlashtirib yuborgan. 

O‘tgan yilning oktabr oyida Shukurillo Qo‘ziyev Rossiya politsiyasi tomonidan Podmoskovyaning Klin tumanida ushlangan edi. 

Moskva oblasti prokuraturasi unga nisbatan ekstraditsiya tekshiruvini amalga oshirgan. Materiallar Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasiga yuborilgan. Bosh prokuratura qaroriga ko‘ra, Qo‘ziyev jinoiy javobgarlikka tortish maqsadida O‘zbekiston tomoniga topshirilgan.

Top