12:34 / 10.06.2016
12252

Yevro-2016: Ochilish o‘yini, Fransiya va Ruminiya bahsi anonsi

Yevropa chempionatining ilk uchrashuvi A guruhi vakillari, turnir mezboni Fransiya hamda Sharqiy Yevropa vakili Ruminiya terma jamoalari o‘rtasida kechadi. Bu uchrashuv Parij yaqinida, Sen-Deni hududidagi "Stad de Frans" o‘yingohida, Toshkent vaqti bilan 11 iyunga o‘tar kechasi soat 00:00da boshlanadi.

Turnirning tantanali ochilish marosimi 14 daqiqa davom etadi. Bu haqda shou tashkilotchisi, Filmmaster Events firmasi menejyeri Andrea Franchizi ma'lum qilgan.

Marosimga 550 kishi jalb etilgan. Ulardan 5 nafari professional aktyorlar. Qolganlar esa Parijda istiqomat qiluvchilardan tarkib topgan volontyorlar guruhi. Marosimdagi asosiy yulduz Devit Getta bo‘ladi. U shvetsiyalik qo‘shiqchi Zara Larsson bilan birga Yevro-2016 turniri madhiyasini ijro etadi.

Fransiya termasi Ruminiyadan 8 barobar "qimmat"
Fransiya terma jamoasi safidagi 23 futbolchining umumiy transfer qiymati transfermarkt.de sayti ma'lumotiga ko‘ra, 454 mln dollarni tashkil etadi. Ruminiya futbolchilarining jami narxi esa - 55,95 mln dollar. Fransiya terma jamoasi nafaqat ushbu qarama-qarshilikda, balki turnirda ham asosiy favorit sanaladi. Holbuki, fransuzlar turnir arafasida bir necha jiddiy yo‘qotishlarga uchradi: Rafael Varan va Lassana Diarra jarohat tufayli turnirdan chetda qoldi, Karim Benzema va Matyo Valbuena esa maishiy mojarolar tufayli bosh murabbiy tomonidan tarkibga kiritilmadi.

Frantsuzlar jamoasi mudofaasi turnirdagi eng tajribali "himoya qo‘rg‘oni" hisoblanadi. Yarim himoya chizig‘i esa butkul yosh futbolchilardan tarkib topgan. 2015-16 yilgi mavsumda Antuan Grizmann, Pol Pogba, Dmitri Payye va Ngolo Kante o‘z jamoalarida juda yorqin o‘yinlar ko‘rsatishdi. Ularning har biri alohida e'tibor qaratishga arziydi.

Ruminiya terma jamoasi esa "sirli toychoq". Avvalgi davrlardan farqli o‘laroq hozirda Ruminiya terma jamoasi safida Yevropaning yetakchi jamoalarida to‘p suradigan legionerlar deyarli yo‘q. 23 futbolchidan 4 nafarigina xorijda o‘ynaydi. Ruminiyaliklar jamoasi sardori, 35 yoshli Rezvan Rats Ispaniyaning quyi ligasiga tushib ketgan jamoasi "Rayo Valekano" himoyachisi hisoblanadi. U terma jamoada 111 uchrashuv o‘tkazgan.

Statistika Ruminiya foydasiga emas
Fransiya va Ruminiya terma jamoalarining keyingi 5ta o‘zaro uchrashuvida durang qayd etilgan, yana bir uchrashuvda fransuzlar g‘alaba qilgan. "Stad de Frans" o‘yingohida bu jamoalar faqat bir marta o‘ynashgan - 2009 yilning sentabrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tomonlar 1:1 hisobini qayd etishgan. Yevropa chempionatida bu terma jamoalar 2 marta to‘qnashgan, 1996 yilgi uchrashuvda fransuzlar 1:0 hisobidagi g‘alaba qozongan, 2008 yilgi uchrashuvda hisob ochilmay qolgan - 0:0. Qayd etish kerakki, 1996 yilgi uchrashuvda o‘ynagan fransuz Dide Desham va rumin Angel Yordanesku ayni vaqtda o‘z terma jamoalarida bosh murabbiy sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Bugungi uchrashuvni vengriyalik Viktor Koshshai boshqaradi. 

A guruhida Fransiya va Ruminiyadan tashqari, Shveytsariya va Albaniya terma jamoalari o‘rin olgan. Bu jamoalar uchrashuvi shanba kuni, Toshkent vaqti bilan soat 19:00da boshlanadi.

Top