14:24 / 11.06.2016
7980

Google'da "uch qora tanli o‘smir" mojarosi

Google'dagi "uch qora tanli o‘smir" va "uch oq tanli o‘smir" qidiruv natijalari bir-biridan tubdan farq qiluvchi natijalarni ko‘rsatadi. 

Google'ga "uch qora tanli o‘smir" so‘rovi kiritilganda, u politsiya mahkamasida suratga tushirilgan yosh qora tanli jinoyatchilarning fotosuratlarini ko‘rsatadi, "uch oq tanli o‘smir" so‘roviga javoban esa qidiruv tarmog‘i hayotdan mamnun yosh yigit va qizlarning suratlarini taqdim etadi. USA Today ma'lum qiladi.

Virjiniyadagi Clover Hill High School o‘quv dargohining 18 yoshli bitiruvchisi Kabir Ali 7 iyun kuni Twitter'da "uch qora tanli o‘smir" va "uch oq tanli o‘smir" so‘roviga javoban ko‘rsatilgan suratlarni videorolik ko‘rinishida namoyish qildi.   

"Aslida men bu qidiruv natijalari haqida bir do‘stimdan eshitgan edim va shunchaki o‘zim uchun tekshirib ko‘rmoqchi bo‘ldim. To‘g‘risini aytsam, do‘stimning so‘zlari haqiqat ekanligiga unchalik ishonmagandim", - dedi Ali USA Today'ga bergan ma'lumotida. 

"Natijalarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganimda hayratga tushdim".

Ushbu post Twitter'da  bir kunda 46 ming layk yig‘ib, 50 mingdan ortiq retvitga ega bo‘ldi. 

Videorolikni ko‘rgandan keyin qidiruv tarmog‘i o‘z faoliyatida irqchilikka yo‘l qo‘yayotgandek tasavvur paydo bo‘ladi. 

Twitter'ning ba'zi foydalanuvchilari buni ko‘rib g‘azablanishdi, @iBeKabir posti ostidagi izohlarda bunday stereotiplarning noto‘g‘ri ekanligi aytib fikr bildirishdi.

Shuningdek, bu vaziyatda kulishni ham, yig‘lashni ham bilmayotganliklarini yozganlar bo‘lgan. 

Google bu holatga javoban uning qidiruv xizmatidagi so‘rov natijalari internetdagi bor ma'lumotdan, shu jumladan ularning internetga yuklanish tartibidan kelib chiqib ko‘rsatilishini ma'lum qilgan. 

"Bu natijalar Google kompaniyasining shaxsiy fikridan kelib chiqib ko‘rsatilmaydi - biz g‘oyalar va madaniyatlar xilma-xilligini juda qadrlaymiz", - deyilgan javob xatida. 

Ko‘pchilik sharhlovchilar bu yerda Google kompaniyasining aybi yo‘qligini tasdiqlashdi.

Top