12:29 / 11.06.2016
9017

Rossiya va O‘zbekiston vakillari to‘qimachilik qo‘shma korxonasi tashkil qilish yuzasidan muhokama o‘tkazdi

10 iyun kuni Rossiya sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Viktor Yevtuxov boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga keldi. Bu haqda Rossiyaning O‘zbekistondagi savdo vakolatxonasi ma'lumot bergan.

Delegatsiya O‘zbekistonga qo‘shma korxona tuzish va yarim-tayyor mahsulotlar yetkizib berish masalalarini muhokama qilish maqsadida kelgan.

Rossiya delegatsiyasi 2 kunlik tashrif davomida O‘zbekiston hukumati vakillari, vazirliklar va sanoat birlashmalari rahbarlari bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirgan.

Birinchi kuni O‘zbekiston respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi rahbari Elyor G‘aniyev bilan uchrashuv o‘tkazgan. Tomonlar to‘qimachilik va ko‘nchilik (teri mahsulotlari ishlab chiqarish) sanoati sohasida hamkorlik qilish, Rossiyaga paxta tolasi va ip-gazlama yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qilishgan.

Delegatsiya tarkibida Rossiyaning bir necha to‘qimachilik kombinatlari vakillari bor.

"Rossiya uchun O‘zbekiston yengil sanoat sohasida strategik hamkor hisoblanadi. 2015 yilda Rossiya O‘zbekistondan 150 mln dollarlik paxta tolasi import qilgan. Bu 73,7 ming tonna mahsulot va bu Rossiya paxta tolasi importining 60 foizi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelganini anglatadi. Uchrashuvda biz Rossiya hududida qo‘shma korxona tashkil qilish imkoniyatini o‘rganib chiqdik. Ushbu korxona O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan to‘qimachilik yarim-tayyor mahsulotlari asosida yuqori qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashadi. Bu esa Rossiyadagi korxonalarga xomashyoni arzon narxlarda xarid qilish va sifatni ta'minlashga imkon beradi", degan Viktor Yevtuxov.

Rossiya delegatsiyasi O‘zbekiston bosh vaziri birinchi o‘rinbosari Rustam Azimov bilan ham uchrashadi. Undan tashqari delegatsiya O‘zbekistondagi bir necha paxta zavodlariga tashrif buyurishni rejalashtirgan.

Top