16:00 / 13.06.2016
3959

Fransiya politsiyasi Yevro-2016 vaqtidagi tartibsizliklarda qatnashgan 116 kishini hibsga oldi

Fransiya politsiyasi Yevro-2016 vaqtida muxlislar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan to‘qnashuvlar bo‘yicha tekshiruvlar olib bormoqda. Asosan Marseldagi voqelar bo‘yicha o‘tkazilayotgan tekshiruvlar natijasida shu vaqtgacha qo‘lga olinganlar soni 116 nafarga yetgan. Bu haqda Le Parisien nashriga asoslanib tribuna.uz xabar tarqatgan.

Xabarda aytilishicha, 13 iyun kuni 21, 26 va 41 yoshlarda bo‘lgan 3 nafar ingliz, 29 yoshli avstriyalik hamda 22 yoshli fransuz sud qarshisiga keltirilgan. Ular turli buyumlar bilan huquq-tartibot organlari xodimlariga hujum qilganlikda ayblangan.

Shuningdek, Angliya va Rossiya o‘rtasidagi uchrashuv yakunlangach, "Velodrom" o‘yingohida tartibsizlik boshlagan 2 nafar rossiyalik muxlis qo‘lga olingan. Ular Fransiya hududidan chiqarib yuboriladi. Shuningdek, yana 5 nafar xorijlikka shunday jazo qo‘llangan.

Angliya va Rossiya o‘rtasidagi bahs boshlanguniga qadar Marselda bo‘lib o‘tgan to‘qnashuvlarda 35 nafar kishi jarohatlangan.

UYeFA Angliya va Rossiya terma jamoalariga agar ikki tomon muxlislari tartibsizlik uyushtirishda davom etadigan bo‘lsa, bu ikki terma jamoani turnirdan chetlatishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Top