02:06 / 14.06.2016
7880

iOS 10 e'lon qilindi: Unda Apple dasturlarini o‘chirish ham mumkin

Xalqaro dasturchilar konferensiyasi (WWDC 2016)da Apple kompaniyasi iOS operatsion tizimining yangi versiyasini namoyish qildi.

Undagi asosiy o‘zgarishlarni bildirishnomalar va ekranni bloklash tizimida uchratish mumkin. iOS 10 operatsion tizimida iPhone foydalanuvchilari smartfon displeyini qulfdan chiqarmay turib, bildirishnomalarni o‘qiy olishlari mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, ekran blokirovkasi va bildirishnomalar markazida 3D Touch funksiyasidan foydalanib, kontekst menyusini ochish mumkin.

Yana bir o‘zgarish esa Siri — ovozli yordamchisi bilan bog‘liq. Bundan buyon Siri'ni rivojlantirish ishlarida Apple xodimi bo‘lmagan dasturchilar ham qatnashishi mumkin.

iPhone'dan Apple dasturlarini o‘chirish imkoniyati ham iOS 10'dan boshlab foydalanishga topshiriladi. Apple dasturlarining barchasi AppStore'ga chiqarilgan va zarur bo‘lsa, ularni yana smartfonga o‘rnatib olish mumkin.

Bu qiziq va zarur imkoniyatlardan biri deyish mumkin. Chunki yangi iPhone harid qilinganda, unda bir nechta Apple dasturlari avvaldan o‘rnatilgan bo‘ladi va ularni iOS 10'gacha smartfon xotirasidan o‘chirish imkoniyati mavjud emasdi.

Ta'kidlab o‘tish joiz, Android foydalanuvchilari uchun bu imkoniyat hali ham taqdim etilmagan.

«Foto» dasturida esa aqlli algoritm paydo bo‘lgan. U bir nechta suratlarni bitta papkaga jamlay oladi.

Dasturchilarga nafaqat Siri, shuningdek, «Xaritalar» dasturi bilan ishlash imkoniyati taqdim etildi. Bundan tashqari «Musiqalar» dasturi bilan birgalikda iTunes to‘liq yangi dizaynda paydo bo‘ladi.

iOS 10'ning dasturchilar uchun mo‘ljallangan versiyasi bugunoq topshiriladi. Beta sinovdan o‘tkazish esa iyulda boshlanadi. To‘liq iOS 10 operatsion tizimi esa 2016 yilning kuzida barcha uchun foydalanishga topshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Apple shu konferensiyada Mac kompyuterlari uchun operatsion tizim nomini macOS'ga o‘zgartirdi va uning yangi versiyasi — Sierra'ni namoyish qildi.

Top