10:19 / 16.06.2016
2961

Erdo‘g‘an YeI bilan viza liberalizatsiyasi bo‘yicha muzokaralarning muvaffaqiyatli yakunlanishiga ishonch bildirdi

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an YeI bilan vizalarni bekor qilish masalasi yakuniy bosqichdaligini ma'lum qildi. Bu haqda u Anqaradagi chiqishida aytib o‘tdi. 

"Biz vizani liberalizatsiya qilish uchun zarur qadamlarni qo‘ymoqdamiz. Bu masala yakuniy bosqichda turibdi. Ishonamanki, biz bu borada ijobiy natijaga erishamiz", - dedi u.

Biroq Erdo‘g‘an "Shubhasiz, Turkiya uning terrorizm bilan kurashish imkoniyatini susaytiradigan qadamlarni qo‘ya olmasligini" ta'kidladi. 

18 martdagi kelishuvga muvofiq, joriy yilning 1 iyulidan Turkiya va Shengen mintaqasi o‘rtasidagi vizalar bekor qilinishi kerak. 

YeI vakillarining ma'lum qilishicha, Anqara YeI ilgari surgan bir necha mezonlarga oid ishlarni yakuniga yetkazishi lozim. Bu ayniqsa terrorizm bilan kurash haqidagi qonunga to‘g‘irlash kiritish bilan bog‘liq. 

Turkiya tomoni o‘z navbatida 72ta mezonning deyarli barchasini bajarganini ma'lum qildi. Bosh vazir Binali Yildirimning so‘zlariga ko‘ra, aksilterror qonunchiligiga o‘zgarishlar kiritilmaydi.

"Biz terrorchilar bilan jiddiy kurash olib bormoqdamiz va bu sharoitlarda qonunchilikka hech qanday o‘zgartirish kiritmaymiz. Hattoki vizalarning bekor qilinishi shunga bog‘liq bo‘lsa ham", - degan Yildirim.

Top