17:00 / 16.06.2016
7204

Toshkentda Shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda Qutqaruv xizmati boshqarmasining qo‘shma matbuot anjumani o‘tkazildi

16 iyun kuni Toshkent shahar hokimligida Shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda Qutqaruv xizmati boshqarmasi rahbariyati ishtirokidagi navbatdagi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. 

Matbuot anjumanida asosiy e'tibor Toshkent shahar Fuqaro muhofazasi boshlig‘ining 2016 yil 27 maydagi Toshkent shahri hududidagi mavjud ochiq va yopiq suv havzalari, daryo, kanallar va anhorlarda joriy yilning yoz mavsumida xavfsizlikni ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi buyrug‘i mazmun-mohiyatiga qaratildi.

Shuningdek, Akmal Abdusamatovga so‘z berilib, Toshkent shahar Qutqaruv xizmati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari poytaxt hududidan oqib o‘tadigan kanallardagi suv haroratining pastligi bois oqimning tezligi, ushbu kanallar qirg‘oqlarida joylashgan kafe va choyxonalarda alkogolli ichimliklar iste'mol qilib suvga cho‘milayotgan fuqarolar keskin holatlarda o‘zini yo‘qotib qo‘yishi holatlari ko‘plab uchrayotgani, havo haroratining keskin oshishi, qolaversa, tana haroratidagi issiq haroratning sovuq harorat bilan keskin almashishi oqibatida bunday o‘zgarishlarga tayyor bo‘lmagan tajribasiz, suzishni puxta egallamagan kishilarning turli baxtsiz hodislarga uchrab qolayotgani haqida so‘zladi.

Jumladan, bu borada Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan taklif etilgan, Toshkent shahar hududidagi mavjud ochiq va yopiq suv havzalari (qo‘riqlanadigan va qo‘riqlanmaydigan anhor va kanallar, cho‘milish zonalari va hovuzlar)da fuqarolarning xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar yo‘lga qo‘yilgani haqida aytilib, o‘tgan mavsumlarda cho‘kish bilan bog‘liq hodisalar ro‘y bergan xavfli joylarda hokimlikar, posbonlar, kamolotchilar, FVB qutqaruvchi-g‘avvoslari, IIB xodimlari navbatchiligi, kuzatuv postlari tashkil qilish bo‘yicha choralar belgilab olindi.

Mazkur chora-tadbirlar haqida keng tushuncha berilib, bu tartib qoidalarni ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilikka yetkazish kerakligi alohida ta'kidlandi.

Shahar va ichki ishlar bosh boshqarmasiga tegishli bosh boshqarmalar, tuman hokimliklari, Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi Davbionazorat xizmati bilan hamkorlikda shahar hudududida ommaviy cho‘milish joylarining hozirgi holatini jiddiy o‘rganib chiqish, ularning qo‘riqlanishi, tibbiy-sanitariya holati, cho‘kish bilan bog‘liq hodislarning oldini olishga qaratilgan tadbirlarni yetarli darajada tashkil etilishi kabi holatlarni o‘rganish, bu bo‘yicha tegishli choralar belgilash yuklatilgani, ta'lim sohasi mutasaddilariga yoz mavsumida baxtsiz hodislarning oldini olish maqsadida o‘quvchi va talabalar o‘rtasida bu boradagi targ‘ibot ishlarini kuchaytirish vazifasi yuklangani haqida so‘z bordi. 

Matbuot anjumanida har ikki boshqarma rahbarlari jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarishdi.

Top