21:59 / 18.06.2016
6672

Bemordan pora talab qilgan dispanser shifokori dalil bilan qo‘lga olindi

D.Salomova o‘g‘lining tobi qochganligidan xavotirlanib shifokor ko‘rigiga olib bordi. Keyin uning tavsiyasi bilan o‘g‘lini sil kasalliklari dispanseriga yotqizdi. Farzandining tuzala boshlaganini ko‘rgan ona ko‘nglida shifokorlarga nisbatan minnatdorchilik tuyg‘ularini his etib, dispanser shifokori N.Allayorovning huzuriga yo‘l oldi. Bu haqda “Huquq” yozmoqda. 

Biroq shifokor huzuriga xursand holda kelgan ona u yerdan tushkun kayfiyatda chiqdi. Miyasida uning so‘zlari charx urardi: “O‘g‘lingizga qo‘shimcha yotoq joyi qilib berdim. Buning uchun evaziga 400 ming so‘m berasiz...”.

Topganini dori darmonga sarflab kelayotgan ayol uchun buncha pulni topishning imkoni yo‘q edi. Bir tomondan, “Bir ilojini qilarman, pulni topib beraman. Har holda o‘g‘lim sog‘aymoqda-ku!”, degan fikrga borsa bo‘lsa, ikkinchi tomondan, ta'magir shifokorning ustidan tegishli organlarga murojaat qilishni istardi.
D.Salomova o‘ylab-o‘ylab, bir qarorga keldi va poraxo‘r shifokorga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlarini so‘rab, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qildi.

Ayol kelishilgan vaqtda N.Allayorov bilan uchrashdi. Tezkor tadbirda shifokor 400 ming so‘m pulni pora tariqasida olayotgan vaqtda dalil bilan qo‘lga olindi. Shu tariqa nafsi hakalak otgan shifokor qilmishiga yarasha jazoga tortildi.

Top