22:01 / 20.06.2016
9921

Puma Shveytsariya terma jamoasi liboslari bilan nima ro‘y berganini ma'lum qildi

Shveytsariya terma jamoasi futbolchilari 20 iyun kuniga o‘tar kechasi Fransiyaga qarshi uchrashuvda brak matolardan tayyorlangan futbolkalar kiygan holda ishtirok etishgan va bu 4 nafar futbolchining libosi o‘yin davomida yirtilib ketishiga olib kelgan. Bu haqda Puma vakiliga asoslanib, Tribuna ma'lum qilgan.

Shveytsariya va Fransiya terma jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan, 0:0 hisobida yakunlangan o‘yin davomida Admir Mehmedi, Breel Embolo, Blerim Jyemaili hamda Granit Chakaning (2 marta) futbolkalari raqib bilan to‘p uchun kurashlar chog‘ida yirtilib ketdi va ular zaxirada turgan yangi liboslarni kiyib o‘yinni davom ettirishga majbur bo‘lishdi.

"Biz shveysariyaliklar yakshanba kuni kiygan formalarni darhol ekspertizadan o‘tkazdik. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, bu futbolkalar brak materiallardan tayyorlangandi. Materiallarning yaroqsiz holatga kelib qolishi ishlab chiqarish texnologiyasida harorat, bosim yoki vaqt tufayli yuz bergan buzilish ortidan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin", degan Puma vakili.

"Biz turnirda Puma tayyorlagan liboslarda ishtirok etayotgan barcha terma jamoalarning (Shveytsariya, Italiya, Chexiya, Slovakiya, Avstriya) formalarini tekshiruvdan o‘tkazamiz va bunday holat boshqa takrorlanmasligini kafolatlaymiz", deya qo‘shimcha qilgan u.

Kompaniyadagilarning bildirishicha, Yevropa chempionati uchun liboslar Turkiyadagi korxonalardan birida tayyorlangan.

Puma keltirilgan noqulaylik uchun Shveytsariya futbol ittifoqidan uzr so‘ragan.

Top