18:46 / 20.06.2016
11039

“Ustasi farang hisobchi”ning  70 mln. so‘mlik kirdikorlari fosh etildi

Karimjon Mirzayev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) hisobchilik kasbiga bejizga qiziqmagan ekan. U hisobchi yordamchisi bo‘lib ishlab yurgan kezlari hisob raqamlari orqali million-million so‘m pullarning u yoqdan bu yoqqa o‘tayotganini, kassirning dam-badam “naqdi”ni sanayotganinini ko‘rib quvonar, kunlar kelib bu “operatsiya”lar ortidan o‘zi ham mo‘maygina pul ishlab olishini o‘ylab, mamnun jilmayib qo‘yardi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.

Nihoyat, 2007 yilda tuman hokimligi Madaniyat va sport ishlari bo‘limi bosh hisobchisi lavozimiga tayinlangach, u kutgan kunlar yetib kelganini angladi. Biroq ko‘ngliga tugib qo‘ygan ishlarini birdaniga amalga oshirib bo‘lmasligini o‘ylab, 2013 yilgacha “mayda ishlar” bilan kifoyalandi. Bora-bora tabiatida xotirjamlik paydo bo‘lib, egri ishlardan aslo cho‘chimaydigan darajaga yetdi. 

K.Mirzayev 2013 yilning oktabr oyida “Madaniyat va sport bo‘limi xodimlarining bank plastik kartochkasi uchun ish haqi mablag‘lari hisobidan o‘tkazishga tuzilgan ro‘yxat”ga o‘zining ism-familiyasini kiritib, bo‘lim mudiri S.Qobilovaning imzosini soxtalashtirgan holda o‘z plastik kartochkasiga 1 mln.733 ming so‘m, dekabr oyida yana 12 mln.542 ming so‘m o‘tkazib, bu mablag‘larni shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yubordi.

Keyingi yili bo‘limda rahbar yangilandi. K.Mirzayev uning imzosini ham tezgina “o‘zlashtirdi”.  U 2014 yil mart oyida o‘z plastik kartochkasiga bo‘lim mudiri I.Samatovning imzosini soxtalashtirgan holda 6 mln.498 ming so‘m, aprel oyida 4 mln.304 ming so‘m, dekabr oyida 22 mln.381 ming so‘m, 2015 yil aprel oyida 5 mln.50 ming so‘m, jami 70 mln.221 ming so‘m mukofot pullarini “xodimlariga tarqatish uchun” degan bahona bilan tushirib oldi. O‘z navbatida, bu pullarni ishchi-xodimlarga tarqatmay, shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuraverdi.

Nazorat organlari tomonidan bo‘limda o‘tkazilgan tekshirishda uning kirdikorlari fosh etildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha To‘raqo‘rg‘on tuman sudi K.Mirzayevning qilmishiga yarasha tegishli jazo tayinladi. Plastik kartochkasiga tushirib olgan 70 mln.221 ming 738 so‘m pul mablag‘lari esa to‘liq qaytarildi.

Top