17:52 / 21.06.2016
6919

Britaniyaning BP kompaniyasi dunyo neft zaxiralariga oid yillik hisobotini e'lon qildi

VR kompaniyasining "Energetika sohasi haqida umumiy ma'lumot-2016" hisobotida keltirilgan ma'lumotlarga ko‘ra, Venesuela isbotlangan neft zaxirasi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda (300,9 mlrd barrel) turadi. Saudiya Arabistoni podshohligi hududida 266,6 mlrd barrel neft borligi ta'kidlansa, Kanadaning bu boradagi ko‘rsatkichi 172,2 mlrd barrelga teng. 

Eron, Iroq, Rossiya va Quvaytning neft boyligi tegishli ravishda 157,8 mlrd, 143,1 mlrd, 102,4 mlrd va 101,5 mlrd barrel atrofida. AQSh neft konlarida 55 mlrd barrel, Xitoyda 18,5 mlrd barrel qora oltin qazib olish mumkin. 

Hisobotga binoan, 2015 yil oxirigacha, Qozog‘istonda isbotlangan neft konlari 30 mlrd barrelga tengligi ta'kidlangan. Bu borada, Ozarboyjonda 7 mlrd barrel neft borligi haqida so‘z yuritilsa, O‘zbekiston va Turkmaniston zaxirasi 0,6 mlrd barrelga tengligi aytilgan.

Shu bilan birga, hisobotga ko‘ra, Rossiya, AQSh hamda Saudiya podshohligi neft qazib oluvchi yetakchi mamlakatlar sanaladi. 

Ammo, neft iste'moli borasida AQSh va Xitoy davlatlari oldiga tushadigani yo‘q. Ularda tegishli ravishda 19 396 ming va 11 968 ming barrel neftdan foydalaniladi. 

O‘zbekistonda bir kunda 59 ming barrel neft va neft mahsuloti ishlatiladi.

Top