06:35 / 21.06.2016
4693

Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi: jinoyatlar uchun dinni niqob qilayotganlar qarshilikka uchraydi

Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Yerlan Idrisovning fikricha, u yoki bu dinning haqiqiy tarafdori bilan dinni vaj qilib, qonunga qarshi harakatlar amalga oshiruvchilarni farqlash kerak.

"Bizning davlatda birinchi navbatdagi bosh tamoyil – bu istalgan dinga e'tiqod qilish erkinligi, diniy mansublik bo‘yicha hech qanday tahqirlash, kamsitish yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas, bu tamoyil konstitutsiya bilan mustahkamlangan. Davlatimizning yana bir tamoyili jamoatchilik tartibi, xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash hisoblanadi. Oqto‘bedagi fojia bu savollarni yuzaga keltirdi. Ha, biz bir qator davlatlar o‘zining salafiylik oqimi diniy g‘oyalariga amal qilishini bilamiz, bu rasmiy davlat dini hisoblanmaydi, biroq bu oqim u yoki bu davlatlarda ustunlik qiladi", deb aytdi Idrisov jurnalistlarga Ostonada.

Idrisov Qozog‘iston bunga "hurmat va bamaylixotir qarashini" aytdi.

"Hududimizdagi tajriba o‘z shaxsiy qadamlarimiz va siyosatimizni ishlab chiqishni uqtiradi, shuning uchun aholining qandaydir guruhlari u yoki bu oqimlarni niqob qilib, qonunga qarshi ishlar qilsa, Oqto‘bedagi yaramaslar kabi, davlat eng qat'iy javobni beradi", deb ta'kidlab o‘tdi Idrisov. Uning aytishicha, hozir "dunyoda eng katta muammo shundaki, islom zarba ostida qoldi".  

"O‘zini islomga e'tiqod qilib ko‘rsatuvchi aholi guruhlari bor, biroq aslida ular bunday emaslar, ular qilayotgan ish, ular targ‘ib qilayotgan narsalar islomning haqiqiy arkonlaridan ancha uzoqda turuvchi narsalar hisoblanadi. U yoki bu oqimning haqiqiy tarafdorlari va bu oqim ortiga yashirinib, umuman boshqa ishlarni amalga oshiradiganlarni farqlash kerak", deb o‘z so‘zlarini yakunladi Idrisov.

5 iyunda noma'lum kimsalar guruhi Oqto‘beda ikkita qurol do‘koni va harbiy qismga hujum qildi. Shaharda aksilterrorchilik operatsiyasi tartibi e'lon qilindi. Terrorchilarning hujumi oqibatida 8 kishi halok bo‘lgan, ulardan 3 nafari harbiy bo‘lgan. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, 18 jinoyatchi yo‘q qilingan, 9 nafari qo‘lga olingan. Avvalroq Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Oqto‘bedagi terrorchilik hamlasini salafiylik oqimi tarafdorlarining ishi deb aytgandi.

Top