16:58 / 21.06.2016
4699

Sankt-Peterburgda o‘tgan uch tomonlama muzokara Tog‘li Qorabog‘ muammosini hal etishiga umid bildirilmoqda

Jahon matbuoti 20 iyun kuni Sankt-Peterburgda Rossiya, Armaniston va Ozarbayjon prezidentlarining uch tomonlama uchrashuviga katta ahamiyat bermoqda. Davlat rahbarlari o‘zlarining yordamchilari va hamrohlarisiz yakkama-yakka uchrashdilar.

Uch tomonlama uchrashuvdan avval Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Rossiya Federatsiyasiga amaliy tashrifi doirasida Sankt-Peterburgda Vladimir Putin bilan uchrashdi. Uchrashuvda Tog‘li Qorabog‘ atrofidagi muammo ham muhokama qilindi. Ilhom Aliyev 20 yildan beri okkupatsiyada bo‘lib kelayotgan Ozarbayjon xududlari ozod qilinishi lozimligini ta'kidladi. Uning aytishicha, ayni damda Ozarbayjon hududlarining 20 foizi okkupatsiya qilingan bo‘lib, mazkur yerlarda Armaniston “Tog‘li Qorabog‘” nomi ostida ayirmachilar rejimini tashkil qilib, shu tariqa o‘z xatti-harakatlarini legitimlashtirishga urinmoqda.

Vladimir Putin, Serj Sargsyan va Ilhom Aliyev ishtirokida Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan uch tomonlama uchrashuvda bir qator masalalar bo‘yicha o‘zaro tushinish hosil qilingani ma'lum qilindi. Bu borada prezidentlar tomonidan qabul qilingan qo‘shma bayonotda ta'kidlanadi. Ular uch tomonlama muzokorlar keyinchalik ham davom etishiga umid bildirdilar.

Ozarbayjon prezidenti Tog‘li Qorabog‘ masalasida sermazmun nutq so‘zladi. U mojaro imkon qadar tezroq hal qilinishi lozimligini ta'kidlab o‘tdi. “Kimdir biz 20 yil davomida bo‘lgani kabi ma'nosiz muzokaralar davom ettiraverishimizga ishonsa, qattiq yanglishadi. Biz mazmunsiz muzokaralarni davom ettirmaymiz. Muzokaralar mazmunga ega bo‘lishi kerak. Ana o‘shandagina muammo tinch yo‘llar bilan hal bo‘ladi”, dedi Ilhom Aliyev. Ilhom Aliyev Tog‘li Qorabog‘ vaziyatida status-kvo saqlanishi uchun Armaniston harbiylari mintaqadan chiqib ketishi lozimligini ta'kidladi.

Uchrashuvda Tog‘li Qorabog‘da faoliyat yurituvchi YeXHTning kuzatuvchilari soni oshirilishga kelishib olishdi. Ozarbayjon tomoni ham uchrashuvdan qoniqish hosil qilganini ta'kidladi. Tashqi ishlar vaziri Elmar Mamedyarov mazkur uchrashuv mojaro tez orada barqarorlashuviga xizmat qilishiga umid bildirdi.

Yevropa Ittifoqining Ozarbayjondagi vakolatxonasi rahbari Malena Mard Sankt-Peterburgdagi uchrashuv Tog‘li Qorabog‘ mojarosini barqarorlashtirishda ijobiy qadam bo‘lishini ta'kidladi. Uning aytishicha, Yevropa Ittifoqi mojaro tinch yo‘llar bilan hal qilinishining tarafdori bo‘lib, bu yo‘nalishda qo‘yiladigan har qanday qadamlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Minsk guruhining amerikalik hamraisi Jyeyms Uorlik Sankt-Peterburg uchrashuvida muhim qadam qo‘yilganini ta'kidladi.

Rossiya, Armaniston va Ozarbayjon prezidentlari Vladimir Putin, Serj Sargsyan va Ilhom Aliyevlarning Sankt-Peterburgdagi muloqoti “konstruktiv muhitda o‘tdi”, dedi Armaniston tashqi ishlar vaziri Edvard Nalbandyan. Uning aytishicha, uchrashuv foydali bo‘ldi. “Uchrashuvni vazirlar, prezidentlar darajasida davom ettirishga kelishib olindi”, dedi Nalbandyan.

Tog‘li Qorbog‘ mojarosi 1988 yil fevral oyida boshlangan. 1992 yildan beri YeXHTning Minsk guruhi doirasida mojaroni tinch yo‘llar bilan barqarorlashtirish bo‘yicha muzokaralar olib boriladi.

Tog‘li Qorabog‘da mojarolar yuzaga kelgan davrda mintaqada 80 ming atrofida arman millatiga mansub aholi istiqomat qilardi. Ayni damda xalqaro armanlar diasporasi okkupatsiya qilingan Ozarbayjon yerlarida turli tadbirlar o‘tkazib, mojaro sabablarini yashirishga urinmoqda. Bu, o‘z navbatida, rasmiy Ozarbayjon hukumatining noroziliklariga sabab bo‘lmoqda. Rasmiy Boku Armaniston Qurolli Kuchlari nafaqat Tog‘li Qorabog‘ Muxtor viloyat hududlarini balki, uning atrofidagi 7 ta tumanni egallab olib, bu yerlarda etnik tozalash o‘tkazayotganini aytmoqda. Bu yerlardan millionlab ozarbayjon millatiga mansub aholi haydab chiqarilmoqda. Shu sababli mazkur mintaqalarda armanlar tomonidan turli tadbirlarni o‘tkazilishi maqsadga muvofiq emasligi aytib kelinadi.
BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan qabul qilingan to‘rtta rezolyutsiyada, YeXHT, NATO, Yevropa Kengashi tomonidan qabul qilingan hujjatlarda Armaniston egallab olingan hududlardan chiqib ketishi ta'kidlanadi. Shu yilning 15-18 sentabr kunlari okkupatsiya qilingan Ozarbayjon yerlarida, to‘g‘rirog‘i, Xankendi (Stepanakert) shahrida Xalqaro Yoshlar Konferentsiyasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu tadbir orqali Armaniston yana bir fitna uyushtirmoqchi. Shu tariqa Armaniston tomoni yoshlarni chalg‘itib, tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar jarayoniga jiddiy zarba bermoqchi. Dunyoning biror bir mamlakati, jumladan, Armaniston tomonidan tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ hududlarida bu kabi tadbirlar o‘tkazilishi Ozarbayjon e'tirozlariga sabab bo‘lib, bu yerga qonunga zid ravishda kelganlarning “qora ro‘yxati” tuzilishiga sabab bo‘ldi. Ozarbayjoning keskin bayonotlaridan so‘ng bir qator taniqli shaxslar okkupatsiya qilingan Tog‘li Qorabog‘ hududlariga borishdan voz kechishgan edi.

Seshanba kuni Ozarbayjon mudofaa vazirligi bayonot berib, bir kecha kunduzda Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish borasidagi rejim Armaniston tomonidan 12 marta buzilganini ma'lum qildi. Eslatib o‘tamiz, shu yilning 2 aprel kuni Ozarbayjon va Armaniston Tog‘li Qorabog‘ hududida vaziyat keskinlashgani borasida bayonot berdi. Tomonlar 5 aprel kuni o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldilar. Ammo shunga qaramay tomonlar bir-birlarini o‘t ochayotganlikda aylab kelishadi.

 

Sharofiddin To‘laganov

Top