14:02 / 21.06.2016
5866

Vrachlik punkti rahbariga nafsiga yarasha jazo tayinlandi

Nishon tumanidagi “Guliston” qishloq vrachlik punkti rahbari lavozimida ishlagan Mahmaraim Pardayev jamoada o‘ziga yarasha obroʻ-eʼtiborli inson edi. Nima bo‘ldi-yu, nafs quliga aylandi qoldi... 

QVP stomatolog vrach o‘rni bo‘shagach, uning niyati buzildi. Boshqalarga bildirmay, yangi xodim kelguniga qadar “o‘zi yo‘qning ko‘zi yo‘q” qabilida ish tutib, bo‘sh ish o‘rni uchun ish haqi yozib, o‘zlashtirish payiga tushdi. Bu haqda “Huquq”nashri yozmoqda.

Albatta, M.Pardayev bu ishni yolg‘iz eplay olmasdi.  Shu sababli QVP menejyeri vazifasida ishlagan Xolmurod Mansurovni o‘ziga sherik qilib oldi. Keyinchalik, uning xizmatalarini rag‘batlantirib maoshiga qo‘shimcha haq to‘lab turdi.
M.Pardayev X.Mansurovning yordami bilan ish haqi to‘lov qaydnomalariga bir yil davomida bo‘sh o‘rni uchun maosh yozib kelgan. Shu tariqa 2014 yilning 1 yanvaridan 2015 yilning 1 yanvariga qadar o‘zining plastik kartochkasiga 5 mln.981 ming so‘mdan oshiqroq pul o‘tkazib, byudjyet mablag‘ini talon-taroj qilgan. Biroq kutilmaganda bu sir fosh bo‘lib, rahbar jamoa oldida izza bo‘ldi.

Bundan  tashqari, M.Pardayev va X.Mansurov xodimlariga ish haqi to‘lashda ham e'tiborsizlikka yo‘l qo‘yib, 11 nafar xodimga katta miqdorda ortiqcha mablag‘ to‘lab yuborilishiga sababchi bo‘lgan. O‘tkazilgan tekshiruv davomida 2015 yilning 1 oktabr holatida davlatga jami 6 mln.561 ming 840 so‘m zarar yetkazilganligi ma'lum bo‘ldi. Buning oqibatida QVPda ishlovchi 22 nafar xodimga jami 13 mln.281 ming 728 so‘m ish haqi kam to‘langan.

Aniqlangan qonunbuzarliklar yuzasidan Mahmaraim Pardayev va Xolmurod Mansurovga nisbatan jinoiy ish ochildi. Surishtiruv va tergov jarayonida yetkazilgan barcha zararning to‘liq qoplanishi ta'minlandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Nishon tuman sudi Mahmaraim Pardayevga mazkur qilmishlari uchun ish haqining 15 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qogan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishi, 1 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosini tayinladi. Shuningdek, Xolmurod Mansurovga ham jinoyati uchun ish haqining 15 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishi, 1 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Top